Yandex Go xizmati joriy yilning o‘n oyi davomida 125 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev va Yandex global bosh direktori Daniil Shuleyko o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Yil boshida soliq tushumlari 100 mlrd so‘m atrofida bo‘lishi kutilgan edi. Uchrashuvda taksi agregatorlari orqali yo‘lovchi tashish sohasida shaffof soliqqa tortishning ahamiyati va fiskalizatsiya natijalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasida shaffoflikni ta’minlash va faoliyat turlarini legallashtirish yo‘lida hamkorlik davom ettirilishi ma’lum qilindi.