2025-yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda bugun, 13-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maʼlum qilindi.
«Ijtimoiy daftarlardan» ajratilgan mablag‘lar faqat kam ta’minlangan oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash, sog‘liqni saqlash va ta‘lim xizmatlarini ko‘rsatish hamda daromadlarini oshirishga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar adolatni ta’minlash maqsadida tumanlardagi kam ta’minlangan oilalar soniga qarab taqsimlanadi.
Bundan tashqari, mablag‘larning 30 foizini tuman hokimlari «Inson» markazlari bilan birgalikda mahallalardagi uy-joy, yo‘l, suv va elektr ta‘minotini yaxshilashga sarflash uchun ishlatishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 400 ta ko‘p qavatli ijtimoiy uyda istiqomat qilayotgan 25 ming aholining yaqin qarindoshlardan uzoqlashayotgani va odatdagi yashash sharoitlaridan mosuvo bo‘layotgani qayd etildi. Endilikda ehtiyojmand oilalarni bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirish amaliyotidan voz kechilib, ularga mahallalariga yaqin hududlardan uy ijaraga olish imkoniyati beriladi va ijara xarajatlari qoplanadi.
Ushbu jarayon uchun mas’uliyat Ijtimoiy himoya agentligi direktori Mansurbek Olloyorovga yuklatildi.