Markaziy bank 17 yanvardan boshlab 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarga qo‘shimcha ravishda og‘irligi 100 gramm bo‘lgan oltin quymani tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.
Regulyator buni aholining investisiya va jamg‘arish imkoniyatlarini yanada oshirish hamda qimmatbaho metallar muomalasini kengaytirish maqsadida amalga oshirayotganini ma’lum qildi.
Qayd qilinishicha, quymalar maxsus himoya qadog‘ida sotuv uchun taqdim etiladi. Oltin quymalarning qadog‘i sertifikat vazifasini bajarib, seriya raqamiga ega bo‘ladi. Oltin quymalarning sotish narxlari har kuni Markaziy bankning rasmiy veb-saytida milliy valyutada e’lon qilinadi. Qadog‘i but oltin quymalar sotuv shoxobchalarida egasidan qayta sotib olinishi ham mumkin.
Qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan oltin quymalarni qaytarib sotib olish ularni texnik ekpertizadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi va ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng to‘lov qilinadi.
Qadog‘i but holatdagi oltin quymalarni O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.
Ma’lumot o‘rnida, Markaziy bank tomonidan oltin quymalarning 17 yanvar kuni e’lon qilingan narxlari quyidagicha:
5 gr – 5 mln 830 ming;
10 gr – 11 mln 660 ming so‘m;
20 gr – 23 mln 321 ming so‘m;
50 gr – 58 mln 302 ming so‘m;
100 gr – 116 mln 603 ming so‘m.