Shanba, 9 Avgust

2024-yilda xorijdan O‘zbekiston banklariga pul oqimi 30%ga oshdi

2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi $14,8 milliardni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 30 foizga yoki $3,4 milliardga oshgan bo‘lib, Markaziy bank prognozlariga deyarli mos keladi.

Ushbu mablag‘larning asosiy qismi — ya’ni 77 foizi yoki $11,5 milliard — Rossiyadan yuborilgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 29 foizlik o‘sishni anglatadi. Rossiyadan keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston ($795 million), AQSh ($577 million, +35%) va Janubiy Koreya ($534 million, +56%) egalladi.

Shuningdek, Turkiyadan $405 million, Buyuk Britaniyadan $135 million (+83%) miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan. Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan yuborilgan mablag‘lar hajmida esa 32 foizli o‘sish qayd etilgan.

Markaziy bank xalqaro pul o‘tkazmalarining o‘sishini quyidagi omillar bilan izohlaydi: mehnat migrantlari faoliyat yuritayotgan mamlakatlarda iqtisodiy faollik, ish haqlarining oshishi, ishchi kuchiga talabning ortishi hamda daromadli mamlakatlar geografiyasining kengayishi. Shuningdek, mavsumiy migratsiya va xorijdagi valyuta kursidagi tebranishlar ham bu jarayonga ta’sir ko‘rsatgan.

Pul o‘tkazmalari quyidagi kanallar orqali amalga oshirilgan:

🔹$8,2 milliard — an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (+14%);
🔹$5,9 milliard — bank kartalari orqali p2p-o‘tkazmalar (shaxsdan shaxsga) orqali (+51%);
🔹$774 million — SWIFT tizimi orqali bank o‘tkazmalari ko‘rinishida (2,1 baravar o‘sish).

Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi $2,8 milliardni tashkil etdi, bu esa 19 foizga o‘sdi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri p2p-o‘tkazmalar qulaylik, tezkorlik va arzonligi sababli ommalashib bormoqda. Ushbu turdagi tranzaksiyalar soni yil davomida 71 millionga (+47%) yetdi. P2p-o‘tkazmalarning umumiy pul o‘tkazmalaridagi ulushi esa 40 foizni tashkil etdi (2023-yilda bu ko‘rsatkich 34% edi).

Markaziy bank prognozlariga ko‘ra:

🔹2025-yilda o‘tkazmalar hajmi 9−11% o‘sib, $16,1 milliardga yetishi mumkin;
🔹2026-yilda $17,6 milliard (9−12% o‘sish);
🔹2027-yilda esa $19,9 milliard (10−15% o‘sish) bo‘lishi kutilmoqda.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid