Shanba, 9 Avgust

2024-yilda kredit rasmiylashtirishga oid firibgarlik holatlari 42 foizga oshdi

2024 yilda Ombudsmanga fuqarolardan iqtisodiy huquqlarga oid 6 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 9 foizi firibgarlik holatlari bilan bog‘liq. Fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlaridan foydalanib, turli tijorat banklari orqali kredit ajratish holatlari sezilarli darajada ko‘paygan. 2023 yilda bunday murojaatlar soni 110 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 42 foizga oshgan.

Murojaatlarning 60 foizida o‘zini “Click” kompaniyasi yoki Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari orqali onlayn kreditlar rasmiylashtirgan. Baʼzi holatlarda esa bir fuqaro nomiga 5–6 ta tijorat bankidan kredit olingan.

Ushbu holatlar yuzasidan ichki ishlar organlari tergovchilari tijorat banklariga fuqarolar kredit mablag‘laridan foydalanmaganligi, ular fuqaroviy daʼvogar deb topilganligi va aybdorlar aniqlanguniga qadar kredit qarzdorligini, shuningdek foiz hisoblashni to‘xtatish bo‘yicha topshiriqlar yuborgan. Jinoyat protsessual kodeksining 36-moddasiga ko‘ra, tergovchining yozma topshiriqlari barcha tashkilotlar va shaxslar uchun majburiy sanaladi. Biroq, ayrim banklar hali ham firibgarlikdan jabrlangan fuqarolardan kreditni to‘lashni talab qilmoqda.

Ombudsman tomonidan fuqarolar manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 5 ta daʼvo arizasi kiritilgan va banklar bilan tuzilgan ayrim kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topilgan. Shuningdek, 1 nafar fuqaro nomiga ajratilgan kredit mablag‘lari uning foydasiga qaytarilgan va maʼnaviy zarar undirilgan.

Murojaatlarning ko‘payishiga aholining ehtiyotsizligi, axborot xavfsizligi va iqtisodiy bilimlarning yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda.

Ijobiy jihatlardan biri shuki, Markaziy bank jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarni oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartibni joriy etdi. Ushbu tartib 2024-yil 1-noyabrdan 2025-yil 1-aprelgacha amal qiladi.

Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, 2024 yilda firibgarlik yo‘li bilan onlayn kredit rasmiylashtirish orqali 463 ta holatda qariyb 15 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Axborot texnologiyalari rivojlanib borgani sari firibgarlik usullari ham yangilanmoqda. Shu sababli, quyidagi tavsiyalarga amal qilish tavsiya etiladi:

  • Pasport maʼlumotlari, bank kartasi raqami va PIN-kodni hech kimga oshkor qilmang.
  • Shaxsiy maʼlumotlaringizni ijtimoiy tarmoqlarda yoki begona shaxslarga yubormang.
  • SMS orqali kelgan tasdiqlov kodlari, parollar yoki ilovalarga kirish maʼlumotlarini aytmang.
  • Notanish havola, fayl yoki hujjatlarni yuklab olmang – ular zararli dastur bo‘lishi mumkin.
  • Nomaʼlum, ayniqsa xorijiy raqamlardan kelgan qo‘ng‘iroqlarga javob bermang.
  • Kimdir o‘zini bank yoki tashkilot vakili sifatida tanishtirsa, uning shaxsini rasmiy manbalar orqali aniqlang.

Firibgarlikdan saqlanish uchun ogohlik va ehtiyotkorlik zarur. Axborot xavfsizligini taʼminlash har bir fuqaroning shaxsiy masʼuliyatidir.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid