2025 yilning fevral oyida O‘zbekistonga yengil avtomobillar importi qiymat jihatdan 3,5 barobar, miqdor jihatdan esa 2,8 barobar kamaygan. Eng katta pasayish gibrid avtomobillar importida kuzatilgan – bu ko‘rsatkich 21 barobarga qisqargan. Elektromobillar va benzinli avtomobillar importi ham mos ravishda 2 barobar va 2,8 barobarga kamaygan.
Fevral oyida O‘zbekistonga 2570 dona yengil avtomobil olib kelingan, ularning umumiy qiymati 44,8 mln dollarni tashkil etgan. 2024 yilning shu davrida esa 158,8 mln dollarlik 7 252 dona yengil avtomobil import qilinishi haqida ma’lumot berilgan. Yil davomida avtomobil importi qiymat jihatdan 3,5 barobar, miqdor jihatdan esa 2,8 barobar pasaygan.
Shuningdek, yanvar oyida ham avtomobillar importi keskin kamaygani, qiymat jihatdan 7 barobarga, miqdor jihatdan esa 5,6 barobarga qisqarganligi xabar qilingan. 2024 yil 1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillarni Piskentdagi maxsus poligonda texnik tekshiruvdan o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan.
Yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan olib kelingan mashinalar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham amalga oshirilmoqda. Importning keskin qisqarishiga avtopoligonning mavjud quvvatining talabga yetmasligi ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.