Yakshanba, 10 Avgust

1-avgustdan nimalar o‘zgaradi?

2025-yil 1-avgustdan boshlab O‘zbekistonda bir qator iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy sohalarda muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi. Quyida ushbu sanadan amal qiladigan asosiy yangiliklar jamlanmasi keltirilgan.

  1. Bazaviy hisoblash miqdori oshiriladi

Prezident farmoniga binoan, 2025-yil 1-avgustdan boshlab bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 375 000 so‘mdan 412 000 so‘mga oshiriladi. Bu o‘zgarish davlat boji, jarimalar, pensiya va stipendiyalar, shuningdek, boshqa ko‘plab to‘lovlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

  1. Ijtimoiy to‘lovlar 10% ga oshiriladi

2025-yil 1-iyuldan boshlab quyidagi ijtimoiy to‘lovlar 10 foizga oshiriladi:

– Yoshga doir eng kam pensiya — 918 000 so‘m
– Nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — 1 012 000 so‘m
– 3 yoshgacha farzand uchun nafaqa — 360 000 so‘m
– 3–18 yoshdagi farzand uchun nafaqa — 275 000 so‘m
– Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha — 165 000 so‘m
– Uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun — 110 000 so‘m
– Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam — 420 000 so‘m
– Pensiyani hisoblash uchun bazaviy miqdor — 471 000 so‘m

1-avgustdan esa davlat tashkilotlari xodimlarining ish haqlari va talabalar stipendiyalari 10 foizga oshiriladi. Eng kam oylik ish haqi miqdori 1 271 000 so‘m etib belgilanadi.

  1. Jarimalar miqdori oshadi

Bazaviy hisoblash miqdorining oshishi natijasida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar quyidagicha belgilanadi:

– Xavfsizlik kamarini taqmaslik — 206 000 so‘m
– Texnik ko‘riksiz yoki dori qutisiz harakat — 206 000 so‘m
– Hujjatsiz haydash — 412 000 so‘m
– Sug‘urtasiz haydash — 412 000 so‘m
– Qizil chiroqda o‘tish — 824 000 so‘m
– Noto‘g‘ri joyda to‘xtash — 824 000 so‘m
– Davlat raqamisiz mashina boshqarish — 1 854 000 so‘m
– Tezlikni 20 km/soatdan oshirish — 412 000 so‘m
– Tezlikni 20–40 km/soatga oshirish — 1 854 000 so‘m
– Tezlikni 40 km/soatdan ortiq oshirish — 3 378 400 so‘m
– Tirbandlikda qarama-qarshi yo‘ldan yurish — 3 749 200 so‘m
– Mast holda mashina haydash — 9 377 000 so‘m + 3 yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilish
– Kuzovni ruxsatsiz ranglash — 9 377 000 so‘m

  1. Mo‘g‘ulistondan qo‘y va echkilar olib kirish bo‘yicha imtiyozlar

Prezident qaroriga ko‘ra, Mo‘g‘ulistondan qo‘y va echkilarni olib kiruvchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar taqdim etiladi:

– Yillik 10% stavka (shundan 3% bank marjasi)
– 5 yil muddatga, 2 yili imtiyozli (foizsiz)
– Garovni 50% gacha sug‘urta mexanizmi bilan qoplash mumkin

Qo‘shimcha imtiyozlar (2025-yil 1-avgust – 2027-yil 31-dekabrgacha):

– Havo transporti xarajatlarining 50% davlat tomonidan qoplanadi
– QQSni ta’minotsiz va foizsiz kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratiladi

  1. Elektr energiyasi to‘lovlari chiqindi qarziga bog‘lanadi

2025-yil 1-avgustdan boshlab chiqindi xizmati uchun qarzi bor abonentlar elektr energiyasi uchun to‘lovni amalga oshira olmaydi. Yangi tartib 1044-sonli qonun asosida joriy qilinadi.

Tartib quyidagicha ishlaydi:

– Har oyning 3-sanasi: chiqindi qarzdorlar ro‘yxati “Hududiy elektr tarmoqlari”ga yuboriladi
– 5-sanasi: 2100 raqamidan SMS-xabar yuboriladi
– 5 kun ichida chiqindi qarzi to‘lanmasa, svet uchun to‘lov tizimi vaqtincha bloklanadi
– Qarzdorlik bartaraf etilgach, to‘lov tizimi avtomatik tiklanadi

E’tibor bering: bu tartib faqat 2025-yil 1-iyuldan keyin paydo bo‘lgan chiqindi qarzlariga tegishli.

Agar chiqindi hisob-kitoblarida xatolik bo‘lsa, mas’uliyat sanitariya tozalash korxonalari zimmasida. Shikoyatlar uchun 1205 raqamiga murojaat qilish mumkin.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid