O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki olti oyida mamlakatda faktoring xizmatlari hajmi 4 trln so‘mni tashkil etdi. Ushbu xizmatlarning 93 foizi tijorat banklari, 7 foizi esa mikromoliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan.

Ko‘rsatilgan xizmatlarning 2,3 trln so‘mi raqamli faktoringga to‘g‘ri kelib, bunda “Finmakon” platformasi orqali 1,2 trln so‘m va “Ozplanet” platformasi orqali 1,1 trln so‘mlik operatsiyalar amalga oshirilgan.

Faktoring xizmatlari hajmi 2024-yil dekabr oyidagi 630 mlrd so‘mdan 2025-yil iyun oyida 1,1 trln so‘mga yetdi. 2024-yilning avgust oyida qabul qilingan Prezident farmonidan so‘ng kredit tashkilotlari tomonidan 5,2 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.

Davlat ulushiga ega tijorat banklari 2,2 trln so‘m, xususiy banklar esa 1,5 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatgan. Asakabank, O‘zsanoatqurilishbank va O‘zmilliybank yetakchi o‘rinda. Kapitalbank, Hamkorbank va Asia Alliance Bank xususiy sektor yetakchilari bo‘lgan.

Faktoring xizmatlarining eng katta qismi Toshkent shahri (1,5 trln so‘m), Andijon viloyati (1,2 trln so‘m), Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan. Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida bu ko‘rsatkich sezilarli darajada past.

Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar 2,5 trln so‘m, aksiyadorlik jamiyatlari 1,2 trln so‘mlik xizmatdan foydalangan. 30 kungacha bo‘lgan muddatli xizmatlar jami hajmning 32 foizini tashkil etgan.

Sanoat sohasiga 2,2 trln so‘m (54%), savdo va xizmat ko‘rsatish sohasiga 1,5 trln so‘m (38%) yo‘naltirilgan. Qurilish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari har biri 4 foizlik ulushga ega.

2025-yilning birinchi yarmida tijorat banklari tomonidan eksportyorlarga 52 mlrd so‘m ekvivalentida regress huquqi bilan xalqaro faktoring xizmati ko‘rsatildi. Asia-Invest Bank va 13 ta mahalliy bank o‘rtasida tuzilgan agentlik shartnomalari orqali umumiy qiymati 491,6 mlrd so‘mlik xalqaro faktoring amalga oshirilgan.