2025-yilning yanvar-iyul oylarida 215 ta taksi agregatori soliq organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilda 155 tani tashkil etgan edi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur davrda jami 262,2 million marta yo‘lovchi tashish amalga oshirildi. Yo‘lovchi tashish aylanmasi 5 trillion so‘mdan oshdi. Shundan 3,6 trillion so‘m yoki 72,2 foizi naqd to‘lovlar, 1,4 trillion so‘m yoki 27,8 foizi esa naqdsiz to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘rtacha bir chek summasi 19 077 so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilda 18 456 so‘m bo‘lgan.
Agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 457,3 mingga yaqin o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar shug‘ullanmoqda. Haydovchilarning 56,3 foizi 30-50 yosh oralig‘ida (257 629 kishi), 36,3 foizi 30 yoshgacha (166 207 kishi), 7,3 foizi esa 50 yoshdan katta (33 477 kishi). Shuningdek, agregatorlar orqali 3 480 nafar ayol haydovchi faoliyat yuritmoqda.
Daromadlar bo‘yicha taqsimot quyidagicha:
- 100 million so‘mdan ortiq – 1,8 ming haydovchi;
- 50-100 million so‘m – 19,1 ming haydovchi;
- 10-50 million so‘m – 113,7 ming haydovchi;
- 5-10 million so‘m – 59,4 ming haydovchi;
- 1-5 million so‘m – 122,8 ming haydovchi;
- 1 million so‘mgacha – 140,2 ming haydovchi.
Eng ko‘p foydalanilayotgan avtomobillar orasida Cobalt (23,5%), Nexia (21,5%) va Lacetti (16,9%) yetakchilik qilmoqda. Elektromobillar ulushi esa 1,8 foizni tashkil etadi.
Avtomobillar yoshi bo‘yicha taqsimot:
- 1 yilgacha – 2,1%;
- 1-3 yil – 16,4%;
- 3-5 yil – 42,5%;
- 5-10 yil – 11,3%;
- 10 yildan ortiq – 27,7%.
Yetti oyda agregatorlar tomonidan 98,8 milliard so‘m soliq to‘langan, shundan 55,4 milliard so‘mi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hisoblanadi.