2025-yil 1-oktyabrdan boshlab Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti va issiq suv tariflari ko‘tarilishi kutilmoqda. Ma’lumotga ko‘ra, narxlar aholiga 15 foizga, yuridik shaxslarga 40 foizga, budjet tashkilotlariga esa 19 foizga oshiriladi.
Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardayevaning aytishicha, hozirda poytaxt aholisi bazaviy tarifning atigi 18 foizini to‘laydi, qolganini shahar budjeti subsidiyalar shaklida qoplaydi. Hukumat 2030-yilgacha bu subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirmoqda. Kompaniya esa kelgusi besh yil ichida tariflarning 100 foizini iste’molchilar tomonidan to‘lanishini maqsad qilgan.
Hozirgi kunda ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun issiqlik narxi 121,6 ming so‘m/Gkal (QQSsiz) bo‘lib, yangi tarif tasdiqlansa 139 ming so‘mgacha oshadi. Yuridik shaxslar uchun narx 342,3 ming so‘m, budjet tashkilotlari uchun esa 954,3 ming so‘m bo‘lishi rejalashtirilgan.
Pardayeva ta’kidlashicha, Toshkentda tariflar tabaqalashtirilgan bo‘lsa-da, yuridik shaxslar to‘lamagan ulushni budjet tashkilotlari qoplab bermoqda. Natijada davlat yelkasiga ortiqcha yuk tushadi. Unga ko‘ra, boshqa hududlarda davlat korxonalari va tadbirkorlar bir xil tarif to‘lasa, Toshkentda bu farq juda katta: davlat korxonalari bir gigakaloriya uchun 801 ming so‘m, yuridik shaxslar esa atigi 241 ming so‘m to‘laydi.
O‘tgan yili kompaniya yuridik shaxslar uchun tariflarni 50 foizga oshirishni taklif qilgan, ammo faqat 15 foizga oshirish bilan cheklanilgan. Bu esa kompaniya uchun yil davomida 75 milliard so‘mlik zarar keltirgan. Shu bois, bu safar yuridik shaxslar uchun 40 foiz, budjet tashkilotlari uchun 19 foiz oshirish taklifi kiritilgan.