Payshanba, 14 Avgust

Non narxlari oshishining asosiy sabablari aniqlandi

Markaziy bank Statistika va tadqiqotlar departamenti tahliliga ko‘ra, 2020–2025-yillar davomida O‘zbekistonda non va un mahsulotlari narxlarida sezilarli o‘sish qayd etilgan. Birinchi navli non narxi 77,6 foizga, oliy navli non 52,5 foizga, obinon esa 62,4 foizga oshgan. Shu davrda birinchi navli un 56,9 foizga, oliy navli un esa 73,5 foizga qimmatlagan.

2022-yilda Rossiya–Ukraina mojarosi sabab jahon bozorida bug‘doy narxi 406 dollar/tonnagacha ko‘tarilgan bo‘lsa, 2025-yil aprelida 174,8 dollar/tonnaga tushgan. Mahalliy bug‘doy narxi jahon narxiga juda bog‘liq bo‘lib, korrelyatsiya darajasi 0,94 ni tashkil etadi va importning qariyb 99 foizi Qozog‘istondan keladi.

O‘zbekiston aholisining jon boshiga yillik bug‘doy iste’moli o‘rtacha 171 kilogrammni tashkil etadi.

Daromadlar oshgani sari non iste’moli kamaymoqda, shahar aholisi sifatli va dietik nonlarga ko‘proq talab bildiradi, qishloqlarda esa iste’mol yuqoriligicha qolmoqda. 2020–2024-yillarda bug‘doy ekilgan yer maydoni 1,359 million gektardan 1,264 million gektargacha kamaygan bo‘lsa-da, hosildorlik ortib, 6,472 million tonnaga yetgan. Shu bilan birga, bug‘doy importi 40 foizga oshib 3,6 million tonnaga chiqdi, eksport esa 985 ming tonnadan 2,3 million tonnaga yetdi.

Resurslar narxining oshishi non tannarxiga bevosita ta’sir qilgan. 2020–2025-yillarda sovuq suv va kanalizatsiya to‘lovi 295 foizga, tarmoq gazi 129 foizga, propan 113 foizga, benzin 99 foizga, transport xizmati 115 foizga qimmatlagan. Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer sho‘rlanishi hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda — sho‘rlangan yerlar 2000-yildagi 450 ming gektardan 2020-yilda 750 ming gektarga yetgan.

Tashqi savdo siyosati ham narxlar shakllanishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va boshqa davlatlar tomonidan 2022-yilda kiritilgan eksport kvotalari va cheklovlar mintaqada ta’minot zanjirida uzilishlarga olib kelgan.

Mutaxassislar mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, import geografiyasini diversifikatsiya qilish, iqlimga mos agrotexnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tizimini yaxshilash va narxlarni barqarorlashtirish mexanizmlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidlashmoqda.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid