Yakshanba, 24 Avgust

O‘zbekiston bo‘ylab biznes kayfiyati ko‘tarildi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki e’lon qilgan “Biznes kayfiyati sharhi”ga ko‘ra, 2025-yilning ikkinchi choragida mamlakat bo‘ylab tadbirkorlik muhiti va iqtisodiy faollikda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

So‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirok etgan tadbirkorlarning 61 foizi birinchi chorakka nisbatan sharoitlar yaxshilanganini qayd etdi. Ijobiy o‘zgarishlarga yo‘l infratuzilmasi va energiya ta’minotidagi yaxshilanishlar, ma’muriy aralashuvlarning kamayishi hamda bank xizmatlari sifatining oshishi sabab bo‘lgan.

Iqtisodiy faollik ko‘rsatkichlari ham yuqori sur’atda o‘sdi. Ishlab chiqarish hajmi va buyurtmalar sonining ko‘payishi, ayniqsa, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida sezildi. Turizm, hunarmandchilik, aloqa va axborot, tibbiyot kabi sohalar o‘sishning asosiy omili bo‘ldi.

Mehnat bozorida ham jonlanish kuzatildi: tadbirkorlarning 48 foizi qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj oshganini bildirgan. Bu jarayon Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda yanada faol bo‘ldi.

Moliyaviy ko‘rsatkichlarda qarz majburiyatlari ortgani qayd etilgan bo‘lsa-da, kreditlarga talab yuqori bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, turizm, qurilish va hunarmandchilik sohalarida kredit mablag‘lariga ehtiyoj sezilarli darajada oshgan.

Hududlar kesimida eng yuqori ijobiy baho Farg‘ona vodiysida qayd etilib, bu yerda 70 foiz tadbirkor sharoitlar yaxshilanganini bildirgan. Toshkent shahri va viloyatida bu ko‘rsatkich 51 foizni, Jizzax va Sirdaryoda esa 63 foizni tashkil etdi. Qoraqalpog‘iston va Xorazmda esa tadbirkorlarning ijobiy bahosi 57 foizni ko‘rsatib, biroz pasayish kuzatildi.

Umuman olganda, respondentlarning 66 foizi yaqin kelajakda makroiqtisodiy sharoit yanada yaxshilanishiga ishonch bildirgan. Uzoq muddatli istiqbolda esa tadbirkorlarning 60–76 foizi mamlakat iqtisodiyoti barqaror rivojlanishini kutmoqda.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid