Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, Oliy ta’lim vazirligi mas’ullari mazkur ma’lumotni tasdiqlagan.
Yangi o‘quv yilida talabalar uchun onlayn shartnomalar ochiladi va unda o‘tgan yili tasdiqlangan miqdorlar aks etadi. Chunki Davlat qabul komissiyasining qarorida “2024/2025-o‘quv yilidan boshlab” degan mazmun belgilangan edi, shu sababli u miqdorlar joriy yilda ham amal qiladi.
Moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlar kontrakt summalarini mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan bu yil ular ham oshirmaydi.
Avvalroq kontrakt narxlari 10–12 foizga oshishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu masala bo‘yicha qaror hali qabul qilinmaganini va rasmiy ma’lumot faqat vazirlik axborot kanallarida e’lon qilinishini bildirgandi.
2024/2025-o‘quv yilida kontrakt summalari 15 foizga oshirilgan edi, avgust oyida esa superkontrakt miqdorlari ham tasdiqlangandi.