TBC Bank Group (TBC PLC) — Gruziyada yirik moliyaviy ekotizim operatori va O‘zbekistondagi yetakchi raqamli bank platformasi bo‘lib, aksiyalari London fond birjasida joylashtirilgan. Kompaniya mamlakatning eng yirik onlayn e’lonlar platformasi — OLX Uzbekistan (“OLX UZ”) nazorat paketini sotib olganini e’lon qildi. Sotuvchi esa Prosus tarkibiga kiruvchi OLX Group bo‘ldi.
Prosus — dunyodagi eng yirik texnologik investorlardan biri bo‘lib, ushbu bitim TBC Uzbekistan’ga yangi auditoriya segmentlariga chiqish imkonini beradi. OLX UZ hozirda O‘zbekistondagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan oltinchi sayt hisoblanadi. Platformaning oyiga 5,4 million faol foydalanuvchisi va 2,2 milliondan ortiq dolzarb e’loni mavjud. OLX orqali tovarlar, xizmatlar, avtomobillar va ko‘chmas mulk savdosi amalga oshiriladi, platformaning qamrovi esa mamlakatdagi faol internet foydalanuvchilarining 20 foizidan ortig‘ini tashkil etadi. Mazkur bitim O‘zbekiston texnologik sohasida so‘nggi 30 yildagi eng yirik qo‘shilish va sotib olishlardan biri sifatida qayd etildi.
Sotib olishni amalga oshirish uchun TBC Bank Group xalqaro investitsiya xoldingi Titan Investments bilan qo‘shma korxona tuzdi. Titan Investments dunyodagi yetakchi institutsional investorlar, oilaviy kapitalni boshqaruvchi kompaniyalar hamda Yaqin Sharqning suveren fondlari bilan hamkorlik qiladi. Qo‘shma korxona OLX Uzbekistan’ning 100 foiz aksiyalarini sotib oladi: ulardan 50% + 1 aksiya TBC Bank Group’ga, qolgan ulushi esa Titan Investments’ga tegishli bo‘ladi. Bitim tartibga soluvchi organlarning tegishli ruxsatlaridan keyin yakunlanadi. Shu bilan birga, OLX Uzbekistan o‘z brendi ostida faoliyat yuritishni davom ettiradi va kelgusida TBC Uzbekistan ekotizimiga integratsiya qilinadi.
Qo‘shma korxona tashkil etilishi TBC’ning raqamli bank sohasidagi tajribasi va Titan’ning tez o‘sayotgan onlayn platformalarni rivojlantirishdagi bilimlarini birlashtiradi. Titan Investments’ning investitsion amaliyotlari va tajribasi TBC’ga OLX’ga bank mahsulotlarini integratsiya qilish va foydalanuvchilar uchun yangi raqamli yechimlarni ishlab chiqishda yordam beradi.
Mazkur bitim TBC Group’ning barqaror va foydali o‘sish strategiyasiga to‘liq mos keladi hamda TBC Uzbekistan bilan sinergiya yaratadi. Hozirda TBC Uzbekistan ekotizimida 21 million noyob ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi mavjud bo‘lib, u Markaziy Osiyodagi eng yirik raqamli bank platformasi hisoblanadi. Joriy yilning iyun oyida TBC Bank Group Billz — chakana savdoni avtomatlashtirish bo‘yicha SaaS-platformasining nazorat paketini ham sotib olgandi. Bu esa kompaniyaning O‘zbekiston bozoridagi pozitsiyalarini yanada mustahkamladi.
TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani ta’kidlashicha, kompaniya ekotizimi bugungi kunda mamlakat aholisining yarmidan ko‘prog‘ini qamrab olgan va jadal rivojlanmoqda. Uning fikricha, OLX Uzbekistan’ni qo‘lga kiritish kengayish va diversifikatsiya strategiyasida mantiqiy qadam bo‘lib, yangi mijozlarni jalb qilish, qo‘shimcha segmentlarga chiqish va auditoriya e’tiborini oshirish imkonini beradi:
“Biz OLX’ning keng foydalanuvchi bazasini o‘z texnologiyalarimiz bilan birlashtirib, ilg‘or raqamli bank yechimlarini tezroq ishlab chiqishimiz mumkin. Titan Investments bilan hamkorlik esa platformaning yanada tez o‘sishini ta’minlaydi”, — dedi u.
TBC Uzbekistan’ni boshqaruvchi kompaniya TBC Digital hisoblanadi. Uning aksiyadorlari orasida TBC Bank Group (80%), Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (10%) hamda Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (10%) mavjud. Bitimning eksklyuziv moliyaviy maslahatchisi esa TBC Capital bo‘ldi.