“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati 2025-yil 2-sentyabrdan boshlab Ai-80 markali benzinni birja savdolarida realizatsiya qilishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Bu qaror Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra kompaniya bosqichma-bosqich yuqori oktanli – Ai-92 benzini ishlab chiqarishga o‘tmoqda. Shuningdek, sentyabr oyidan boshlab birjada faqat yuqori oktanli benzin savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan edi.
Natijada Ai-92 markali benzin hajmlari sezilarli ravishda oshirilmoqda. Avval 1000 tonna hajmda savdoga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 1720 tonnaga yetkazildi. Ichki bozor ehtiyojidan kelib chiqib, ushbu hajmlarni yana ham ko‘paytirish imkoniyati mavjud.
Shu bilan birga, avgust oyida tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan Ai-80 benzini zaxiralari va majburiyatlar doirasida sentyabr oyida ham o‘z egalariga yetkazib berilishi ta’kidlandi.