O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi xabariga ko‘ra, 2025-yil 2-sentabrdan boshlab Piskent avtopoligonida avtomobillarni sinovdan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.
Ma’lumki, 2024-yil 1-noyabrdan boshlab mamlakatimizga olib kirilayotgan avtotransport vositalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan texnik reglament asosida Piskent sinov majmuasida tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Ushbu tartib iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, kafolatsiz va sifatsiz avtomobillar importini cheklash hamda yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida joriy etilgan edi.
Biroq tahlillar shuni ko‘rsatdiki, reglamentga muvofiq turini ma’qullash hujjatini olmagan ayrim yengil avtomobillar import qilinishi ularning alohida sinovdan o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan. 2024-yilgacha respublikada atigi 3 ta dilerlik markazi faoliyat yuritib, 15 ta avtomobil modeligagina ruxsat hujjati olingan edi.
Bugungi kunda esa vaziyat tubdan o‘zgargan – 21 ta xorijiy kompaniyaning rasmiy dilerlari faoliyat boshlagan bo‘lib, 100 dan ortiq avtomobil rusumlari uchun turini ma’qullash hujjatlari rasmiylashtirilgan. Bu esa iste’molchilarga kafolatlangan, sifat va xavfsizlik talablariga javob beradigan avtomobillarni bevosita rasmiy dilerlardan xarid qilish imkoniyatini yaratdi.
Shu bois, rasmiy dilerlar va servis markazlari soni ko‘paygani hamda sotuv tizimi yo‘lga qo‘yilgani inobatga olinib, 2025-yil 2-sentabrdan avtomobillarni Piskent sinov majmuasida sinovdan o‘tkazish tartibi to‘xtatilmoqda.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizga import qilinayotgan avtomobillarning sifati va xavfsizligi bundan buyon ham qat’iy nazoratda bo‘ladi. Agar amaldagi talablarga zid holatlar yoki iste’molchilardan e’tirozlar aniqlansa, bunday avtomobillarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.
Mutaxassislar avtomobil xaridida fuqarolarga faqat rasmiy dilerlar xizmatidan foydalanishni tavsiya etmoqda.