Apple kompaniyasi navbatdagi yirik taqdimot tadbirida iPhone 17 oilasini e’lon qildi. Bu safar kompaniya to‘rtta modelni — iPhone 17, iPhone 17 Pro, iPhone 17 Pro Max va mutlaqo yangi iPhone Air’ni taqdim etdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iPhone 17 seriyasi dizayn va texnologiyada so‘nggi yillarda kuzatilgan eng katta yangilanish bo‘ldi.
Yangi iPhone 17 seriyasi avvalgilariga nisbatan nozikroq ramka, mustahkam Ceramic Shield 2 oynasi va yanada yorqinroq Super Retina XDR displey bilan jihozlandi. Pro modellarda gorizontal joylashtirilgan “Camera Plateau” blok dizayni ilk bor qo‘llanildi.
Kuchli chip va tezkor tarmoq

Barcha modellarda yangi A19 chip ishlaydi. iPhone 17 Pro va Pro Max esa yanada kuchliroq A19 Pro chipi bilan jihozlanib, yuqori unumdorlik va grafik imkoniyatlarni taqdim etadi. Shuningdek, yangi N1 chip simsiz aloqada Wi-Fi 7 va Bluetooth 6 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, C1X modem esa 5G tezligini ikki barobarga oshirishi aytilmoqda.
Kamera imkoniyatlari
iPhone 17 48 MP asosiy sensor va 18 MP old kamera bilan ta’minlandi. Pro modellarda esa kattaroq sensorlar, 8× optik zum va ProRes RAW qo‘llab-quvvatlovi mavjud. Shuningdek, foydalanuvchilar bir vaqtning o‘zida old va orqa kameradan video yozib olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
iPhone Air — eng ingichka iPhone



Tadbirda eng katta e’tiborni tortgan yangilik — iPhone Air bo‘ldi. Uning qalinligi atigi 5,6 mm bo‘lib, bu tarixdagi eng ingichka iPhone hisoblanadi. Qurilma titanium ramka, A19 Pro chip va faqat eSIM qo‘llab-quvvatlashi bilan ajralib turadi.
Narxlar va sotuv sanalari
Apple yangi modellarning narxlarini ham e’lon qildi:
- iPhone 17 — $799 dan boshlab
- iPhone Air — $999 dan boshlab
- iPhone 17 Pro — $1,099 dan boshlab
- iPhone 17 Pro Max — $1,199 dan boshlab
Oldindan buyurtmalar 12-sentabrdan qabul qilinadi, rasmiy savdolar esa 19-sentabrda boshlanadi.




Apple iPhone’lar bilan bir qatorda AirPods Pro 3 hamda Apple Watch Series 11 va boshqa yangi aqlli soatlarini ham taqdim etdi. AirPods Pro 3 real vaqt tarjima funksiyasi va yurak urishi sensoriga ega bo‘lsa, yangi Apple Watch gipertenziya aniqlash va uyquni kuzatish imkoniyatlarini taqdim etadi.