Shanba, 11 Oktabr

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari ilk bor 50 milliard dollardan oshdi

2025-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 50,08 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich tarixiy rekord sifatida qayd etildi. Zaxiralarning keskin oshishi asosan jahon bozorida oltin narxlarining qimmatlashishi bilan izohlanmoqda.

Markaziy bank hisobotida ta’kidlanishicha, avgust oyida zaxiralarning valyuta qismi 49 million dollarga qisqargan bo‘lsa, oltin zaxiralari 1,38 milliard dollarga ko‘payib, 40 milliard dollarga yetgan. Shu bilan birga, oltinning fizik hajmi ham oshib, 11,7 million troya unsiyadan 11,8 million troya unsiyaga chiqdi.

Yil boshidan beri jahon bozorida oltin narxlarining keskin ko‘tarilishi O‘zbekiston zaxiralarining sezilarli o‘sishiga xizmat qildi. 1-sentabr holatiga qayd etilgan 50 milliard 87 million dollarlik ko‘rsatkich mamlakat uchun mutlaqo yangi tarixiy daraja hisoblanadi.

Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati ham biroz oshib, 1 milliard 16 million dollarga yetdi. Oltin narxining ko‘tarilishi esa fevral–may oylarida yuz bergan global geosiyosiy tangliklar hamda AQSh Federal rezerv siyosati bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid