O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, ta’lim tizimi xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni e’lon qildi.
Davlat rahbari suhbat davomida o‘qituvchilarning mashaqqatli mehnatini yuksak qadrlab, ular uchun qulay sharoit yaratish, moddiy va ma’naviy rag‘batni kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar qatorida:
- 15 yildan ortiq mehnat stajiga ega oliy toifali pedagoglarning ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizini davlat qoplab berishi;
- kelgusi o‘quv yilidan boshlab pedagoglar farzandlari davlat oliygohlariga qabul qilinganda kontrakt to‘lovida 30 foizlik chegirma berilishi;
- zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish maqsadida o‘qituvchilarga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi;
- davlat xizmatlari uchun to‘lovlar pedagoglar uchun ikki baravar kamaytirilishi;
- boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat tizimini joriy etish va sertifikat olganlarga har oyda 15 foizlik ustama to‘lanishi;
- imtiyozli diplom bilan maktabga ishga kirgan bakalavr bitiruvchilariga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi berilishi;
- dunyoning TOP-300 talik oliygohlariga qabul qilingan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratilishi;
- reytingdagi eng ilg‘or maktab, bog‘cha, texnikum va oliygoh pedagoglariga yiliga bir marotaba ichki turizmda avia va temiryo‘l chiptalariga 15–20 foizlik chegirma berilishi mavjud.
Mazkur tashabbuslar o‘qituvchilarning mehnatini qadrlash, ularning moddiy ahvolini yaxshilash va ta’lim sifati hamda nufuzini oshirishga xizmat qiladi.