O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-sentyabr kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurib, hududdagi bunyodkorlik ishlari va aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Viloyat darvozasida – Namangan aeroportida 140 million dollar investitsiya evaziga yangi terminal qurilishi jadal davom etmoqda. Prezidentning o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida taqdim etilgan loyiha hozirda faol bosqichda.

Yangi 3 qavatli terminal yo‘lovchi tashish quvvatini 2,5 barobarga oshiradi. Unda chegara nazorati, viza bo‘limlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi hamda Duty free do‘konlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, aeroportda yuk terminali ham qurilmoqda. U kuniga 50 tonna yuk tashib, 90 ta mamlakatga eksportni amalga oshirish imkonini beradi. Shu orqali vodiyda yagona kargo tizimi shakllanib, biznes va tranzit salohiyati oshadi.
Bu yil Namanganga 1,5 million xorijiy va 2 milliondan ortiq mahalliy sayyohni jalb qilish, xizmatlar eksportini 210 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ham eksport hajmlari ortib bormoqda.
Yangi terminal bilan birga maxsus servis texnikalari, yonilg‘i quyish majmuasi, keytering xizmati va boshqa xo‘jalik obyektlari ham barpo etiladi. Qurilish yakunlanishi va aeroportning kelgusi yil ishga tushishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbari tashrif davomida aeroport atrofi infratuzilmasini ham zamon talablari asosida rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Mehmonxonalar, savdo va ko‘ngilochar majmualar, servis obyektlari va avtoturargoh qurish orqali sayyohlar va mehmonlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish vazifasi qo‘yildi.