AQSh Davlat departamenti 16-sentabr kuni Diversity Visa (DV) — mashhur Green Card lotereyasida ishtirok etish tartibiga yangi o‘zgarish kiritilishini ma’lum qildi. Endilikda ariza topshirish uchun $1 miqdorida to‘lov undiriladi.
Mazkur to‘lov onlayn tarzda, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida amalga oshiriladi. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu tashabbus orqali yiliga qariyb 25 million dollar mablag‘ tushishi kutilmoqda.
Departament bayonotida ta’kidlanishicha, yangi tartib xarajatlarni adolatli taqsimlashga xizmat qiladi. Avvallari lotereyada faqat g‘olib bo‘lganlar $330 yig‘imni to‘lashgan bo‘lsa, endilikda $1 to‘lov barcha nomzodlarga tatbiq etiladi.
Yangi tizim Green Card–2027 dasturi uchun joriy qilinadi va 2025-yil oktabr oyida kuchga kirishi kutilmoqda. Ariza topshirishning aniq sanasi hali e’lon qilinmagan. Biroq yaqin kunlarda AQSH Davlat departamenti va Federal reyestrda ariza muddati, ishtirok shartlari hamda qaysi davlat fuqarolari qatnasha olishi haqida to‘liq ma’lumot berilishi rejalashtirilmoqda.