Smartbank o‘zining yangi brend strategiyasi doirasida nomini Openbank deb o‘zgartirdi. Bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu o‘zgarish moliya muassasasining ochiqlik, qulaylik va innovatsion xizmatlarni kengaytirishga qaratilgan yo‘nalishini ifodalaydi.
Endilikda bank xizmatlari bilan tanishish va onlayn amaliyotlarni bajarish uchun mijozlar openbank.uz rasmiy saytidan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, bankning Telegram-kanali ham yangi nom bilan faoliyatini davom ettirmoqda.
Bank rahbariyatiga ko‘ra, mijozlar uchun mavjud barcha xizmatlar avvalgidek o‘z holicha saqlanib qoladi. Shu bilan birga, Openbank yaqin kelajakda raqamli mahsulotlar qatorini kengaytirish, mobil ilovani takomillashtirish va xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiyani kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Openbank vakillari bu brend o‘zgarishi mijozlarga yanada qulay, zamonaviy va ishonchli moliyaviy xizmatlarni taqdim etish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidlamoqda.
“Smart Bank” aksiyadorlik jamiyati 2022-yil 24-dekabrda tashkil etilgan. Shu kuni Smartbank O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan 89-sonli litsenziya asosida bank xizmatlarini ko‘rsatish huquqi berilgan. Bank o‘z faoliyatini asosan onlayn xizmatlar orqali yo‘lga qo‘yib, filiallarga borish zaruratini kamaytirish, mijozlarga zamonaviy va shaffof yechimlar taklif qilishni maqsad qilgan.