Shanba, 11 Oktabr

Uzbekistan Airways 22 ta Boeing 787-9 Dreamliner xarid qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ishtirok etish doirasida qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Shulardan biri “Boeing Global” kompaniyasi prezidenti Brendon Nelson bilan bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Boeing” – dunyodagi eng yirik aviatsiya va kosmik texnika ishlab chiqaruvchilardan biri ekani, O‘zbekiston esa ko‘p yillardan buyon ushbu kompaniyaning ishonchli va strategik hamkori sifatida faoliyat yuritib kelayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, ikki tomonlama sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish, samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma va uzoq muddatli hamkorlikka oid bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Foto: O’zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Mazkur tashrif doirasida Uzbekistan Airways o‘z tarixidagi eng yirik shartnomani imzoladi. Boeing kompaniyasi bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, 14 ta zamonaviy Boeing 787-9 Dreamliner samolyoti xarid qilinadi, yana 8 ta havo kemasi opsion tarzida ko‘zda tutilgan. Ushbu samolyotlarning yetkazib berilishi 2031-yildan boshlanishi rejalashtirilgan.

Mazkur bitim nafaqat O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi, balki butun mamlakat aviatsiya tarmog‘i uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Chunki yangi avlod Dreamliner samolyotlari yordamida Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqalariga uzoq masofali parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratiladi. Bu esa Uzbekistan Airways’ni mintaqadagi yetakchi aviakompaniyalardan biriga aylantiradi.

Shuningdek, tashrif chog‘ida Boeing va O‘zbekiston Transport vazirligi o‘rtasida mamlakat aviatsiya ekotizimini yanada rivojlantirish, texnik ta’minot, kadrlar tayyorlash va xavfsizlik standartlarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bitimning umumiy qiymati 8 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lib, u AQSh iqtisodiyoti uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, ushbu shartnoma doirasida 35 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Mazkur kelishuv Amerika siyosiy doiralarida ham katta e’tibor qozondi. AQSh Prezidenti Donald Tramp bitimni alohida olqishlab, shunday dedi:

«Bu oy boshida men O‘zbekiston Prezidenti, hurmatli Shavkat Mirziyoyev bilan muloqot qilgan edim. Bugun esa uni Boeing bilan imzolangan yirik shartnoma bilan tabriklayman. Prezident Mirziyoyev so‘zida turadigan inson va biz ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettiramiz».

Shu tariqa, Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida imzolangan yangi shartnoma nafaqat aviakompaniyaning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasida, balki O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya maydonidagi o‘rnini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid