Shanba, 11 Oktabr

Mirziyoyev Trampni O‘zbekistonga taklif qildi

23-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp BMT bosh qarorgohida, tashkilot Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida uchrashuv o‘tkazdilar. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish, mintaqaviy va global ahamiyatga ega masalalarni hal etishdagi hamkorlik hamda 5-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi batafsil muhokama qilindi.

Prezident Mirziyoyev suhbat avvalida Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatlari bilan tabrikladi. AQSH yetakchisining xalqaro mojarolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etishga qo‘shgan shaxsiy hissasi ham alohida ta’kidlandi.

Donald Tramp esa Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlarni yuqori baholab, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va xalq farovonligini oshirish yo‘lidagi qat’iy harakatlarni qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va ishbilarmonlik aloqalarining izchil rivojlanayotgani qayd etildi. AQSH Prezidenti O‘zbekiston rahbarining kuni kecha Amerika kompaniya va banklari rahbarlari bilan o‘tkazgan samarali uchrashuvlarini ham yuksak baholadi.

Aviatsiya, tog‘-kon sanoati, minerallar, moliya, innovatsiyalar, kimyo va energetika sohalarida kelishuvlar portfeli shakllantirilib, bu ikki mamlakatda o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Prezident Donald Trampni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid