Toshkent markazida joylashgan sobiq “Chorsu” mehmonxonasi o‘rnida zamonaviy ko‘p funksiyali majmua barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Qurilish ishlari 2025-yilning oxirida boshlanishi kutilayotgani haqida Manar Development kompaniyasi vakillari 23-sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Yangi loyiha — Chorsu by Manar/Yangi Chorsu (yakuniy nom keyin belgilanadi) — umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrdan ortiq hududni qamrab oladi. Shundan 38,3 ming kvadrat metr turar joylar uchun, 20 ming kvadrat metr savdo zonalari va mehmonxona uchun, yana 14 ming kvadrat metr esa ofislar uchun ajratiladi.
Loyihada turar joylar, xalqaro darajadagi mehmonxona, biznes-klaster hamda jamoat maydonlari uyg‘unlashadi. Shuningdek, piyodalar yo‘laklari, yashil hududlar va rekreatsion maskanlar qurilishi ham ko‘zda tutilgan.




Arxitektura yechimi Germaniya Arxitektorlar uyushmasi (BDA) a’zosi, Thoban Voss byurosi asoschisi, taniqli me’mor Sergey Choban tomonidan ishlab chiqilgan.
Manar Development bosh direktori Davron Fayzimatovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha uchun 100 million dollardan ortiq mablag‘ ajratiladi. Moliyalashtirish kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, bank kreditlari jalb qilinmaydi.
Kompaniya ijrochi direktori Rustam Turaev esa qurilish 2025-yil dekabr oyida boshlanishini, jarayon qariyb 3,5 yil davom etishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, dastlabki obyektlar 2028-yilda foydalanishga topshiriladi, butun majmua esa 2029-yil oxirigacha to‘liq yakunlanadi.