Telegram asoschisi Pavel Durov Lex Fridman podkastida 4,5 soat davomida intervyu berib, kompaniya, kriptovalyutalar, texnologiyalar va shaxsiy qarashlari haqida fikr bildirdi.
Telegram — “men uchun zararli loyiha”
Durovning aytishicha, Telegram hech qachon shaxsiy daromad manbai bo‘lmagan. U kompaniyadan oylik olmaydi, aksiyalarini sotmagan va xizmatni hech kimga bermoqchi emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, monetizatsiya usuli sifatida faqat foydalanuvchilarga qo‘shimcha imkoniyatlar beruvchi Premium-obuna joriy qilingan. Bugun Premium obunachilar soni 15 milliondan oshgan va yiliga $500 milliondan ko‘proq daromad keltirmoqda.
Reklama esa nishonga yo‘naltirilmagan va foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari ekspluatatsiya qilinmaydi. “Biz shu yo‘l bilan daromadning 80 foizidan voz kechamiz, ammo foydalanuvchilarning ishonchini buzmaymiz”, deydi Durov.
Ilon Mask haqida
Durov Ilon Maskni “o‘ziga o‘xshashi yo‘q shaxs” deb atadi. Uning fikricha, Maskning hissiyligi va ba’zida keskin chiqishlari aslida uning kuchli tomonidir. “Muvaffaqiyatli tadbirkor hayotida motivatsiya eng muhim omil. Mask hatto bahs-munozaralardan ham kuch ola oladi va bu unga yangi loyihalarni boshlashga yordam beradi”, — dedi u.
Bitkoin va kelajakdagi qiymati
Durov Bitkoin’ga ilk yillardan ishonishini aytib, 2013-yilda o‘rtacha $700 dan minglab bitkoin sotib olganini esladi. “O‘sha paytda ko‘pchilik meni xato qilding deb o‘ylagan, lekin men uni sotishni rejalashtirmaganman. Aslida bitkoin tufayli oyoqda turibman. Men ishonamanki, bir kun kelib uning narxi $1 millionga yetadi”, dedi u.
Xodimlar va jamoa
Telegram asosiy jamoasi atigi 40 kishidan iborat. Durovning fikricha, samarali ish uchun kam sonli, ammo yuqori malakali xodimlar kifoya qiladi. “Eng yomon narsa — B-klass xodim bilan ishlash. Bu nafaqat loyihaga, balki A-klass mutaxassislarning motivatsiyasiga ham salbiy ta’sir qiladi”, — deydi u.
Hayotiy tamoyillar
Durov telefonni “majburiy qurilma emas” deb hisoblaydi va axborot oqimidan himoyalanish zarurligini ta’kidladi. Shaxsiy intizomni esa eng asosiy “mushak” deb atadi: “Dam olish kuch bermaydi, kuch faqat harakatdan keladi. Eng asosiy mushak — bu intizom mushagi”.
Raqobat va ta’lim haqida
Uning fikricha, insoniyat biologik jihatdan raqobatga moslashgan. “Hayot doimiy raqobat. Uni yo‘q qilishga urinish — jamiyatni zaiflashtiradi. Shuning uchun Xitoy va Koreya kabi mamlakatlar ta’limni qattiq raqobat asosida quradi”, — dedi Durov.
Blockcheyn va yangi imkoniyatlar
Durov TON ekotizimi va Telegram’dagi sovg‘alar funksiyasini “ijtimoiy ahamiyatli NFT” sifatida qayta o‘ylashganini aytdi. Bundan tashqari, platformada ishlab chiquvchilar uchun bot va mini-ilovalar yaratish imkoniyatlari kengaytirilmoqda va to‘lovlardan atigi 5% komissiya olinadi.