Shanba, 11 Oktabr

Avstriyaning Raiffeisen banki Rossiyadagi biznesini yana sota olmadi

Reuters agentligining yozishicha, Avstriyaning Raiffeisen Bank International (RBI) Rossiyadagi sho’ba bankini sotish bo‘yicha bitimni amalga oshira olmadi. Bunga Rossiya hukumati vakillarining qarshiligi sabab bo‘lgan.

Manbalarga ko‘ra, Rossiyadagi amaldorlar bankni sotishga qarshi chiqqan, chunki yangi egalar kelishi bilan unga nisbatan xalqaro sanksiyalar joriy qilinishi mumkinligidan xavotir bildirilgan.

Hozircha “Raiffeisenbank” Rossiyada sanksiyaga tushmagan eng yirik xorijiy bank bo‘lib qolmoqda. U Yevropaga gaz yetkazib berish bo‘yicha hisob-kitoblar uchun asosiy moliyaviy kanal sifatida xizmat qilmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki sakkiz oyida bank “Turkiya oqimi” orqali gaz eksporti uchun 3,8 milliard dollarlik to‘lovlarni amalga oshirgan.

RBI Rossiyadan chiqish rejasini 2022-yilda e’lon qilgan edi. Biroq jarayon cho‘zilib ketdi, chunki Rossiya hukumati 45 ta bankdagi ustav kapitali ulushlarini faqat hukumat komissiyasining ruxsatisiz sotishga taqiq qo‘ydi.

2023-yil fevralida AQSh Moliya vazirligi RBI faoliyatiga nisbatan tekshiruv boshlagan, Yevropa Markaziy banki esa kompaniyadan Rossiya bozorini tark etishni talab qilgan. Shundan so‘ng bank o‘z aktivlarini sotish yoki guruh tarkibidan chiqarish rejasi ustida ishlay boshlagan.

2024-yil yozida RBI Rossiyadagi biznesining 60 foizini sotishga ruxsat berdi. Ammo bunday kelishuvni amalga oshirish uchun besh regulyatorning roziligi zarur edi.

2025-yil aprelida esa Financial Times xabariga ko‘ra, kompaniya Moskva va Vashington o‘rtasida siyosiy muloqot qayta tiklanishi fonida Rossiyadagi sho’ba bankini sotish jarayonini vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan va AQSh pozitsiyasi o‘zgarishi ehtimolini baholashga qaror qilgan.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid