2025 yilning I yarmida xalqaro savdo siyosatining keskinlashuvi va global noaniqliklar ortishiga qaramasdan, O‘zbekiston tashqi sektori barqarorlikka erishish yo‘lida muhim siljishlarni qayd etdi. Bunga, avvalo, an’anaviy eksport mahsulotlari narxining jahon bozorida oshishi, tashqi mehnat migratsiyasi va turizm sohasidagi ijobiy tendensiyalar sabab bo‘ldi. Bu ma’lumotlar Markaziy bankning 2025 yilning I yarim yilligi uchun mamlakat to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzga oid sharhida keltirilgan.
Hisobot davrida joriy operatsiyalar hisobi 156,3 mln dollar manfiy saldo bilan shakllandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga (2,9 mlrd dollar) nisbatan sezilarli darajada yaxshilangan. Ushbu natija savdo balansi taqchilligining qisqarishi hamda xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining oshishi bilan izohlanadi.

Eksport hajmi 29 foizga oshib, 16,6 mlrd dollarga yetdi, import esa 10 foizga o‘sib, qariyb 23 mlrd dollarni tashkil etdi. Natijada savdo balansining manfiy saldosi 20 foizga qisqarib, 6,4 mlrd dollarga teng bo‘ldi.
Xalqaro pul o‘tkazmalari ham joriy operatsiyalarga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Shu asosda birlamchi daromadlar balansi 850,9 mln dollar, ikkilamchi daromadlar balansi esa 5,4 mlrd dollar ijobiy saldo bilan shakllandi.
Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri, portfel va boshqa investitsiyalar hisobiga moliyalashtirildi.
- To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sof kiritilishi 42 foizga oshib, 1,6 mlrd dollarga yetdi.
- Portfel investitsiyalari asosan xalqaro obligatsiyalar orqali jalb etilib, 3,1 mlrd dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, moliyaviy hisob manfiy saldosi 895,9 mln dollarni tashkil etdi.

2025 yilning I yarmida O‘zbekiston xalqaro zaxira aktivlari xorijiy valyutadagi qismi 913,1 mln dollarga ko‘paydi. Oltin narxining jahon bozorida yuqori sur’atlarda oshishi hisobiga umumiy xalqaro zaxiralar hajmi yil boshiga nisbatan 7,4 mlrd dollarga ortib, 1 iyul holatiga 48,5 mlrd dollarga yetdi.
Sof xalqaro investitsiyaviy mavqe 23 foizga mustahkamlanib, 16,9 mlrd dollarni tashkil etdi. Raqamlarga ko‘ra, rezidentlarning xorijiy aktivlari 12,1 mlrd dollarga (13 foiz), tashqi majburiyatlari esa 8,9 mlrd dollarga (11 foiz) oshgan.
2025 yilning I yarmi yakunida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarni tashkil etdi.
Shundan:
- davlat tashqi qarzi – 36,8 mlrd dollar,
- korporativ tashqi qarz – 35,4 mlrd dollar.
Korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb etilgan mablag‘lar aks etadi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi va reyting agentliklari fikricha, O‘zbekistonning tashqi qarz yuklamasi o‘rtacha darajada bo‘lib, asosan imtiyozli shartlarda olingan.
Umuman olganda, 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston tashqi sektori barqarorlik va muvozanatga yaqinlashish tendensiyasini ko‘rsatdi. Eksport hajmining keskin oshishi, xalqaro pul o‘tkazmalarining ko‘payishi, zaxiralar o‘sishi va investitsiya oqimlari mamlakat tashqi iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim omillar bo‘ldi.