Markaziy bank kredit tashkilotlari faoliyatini doimiy nazorat qilib, mijozlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rib bormoqda. Shu jarayonda TBC bank, Davr bank va Hamkorbank faoliyatida bir qator qonunbuzarliklar aniqlanib, ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanildi, bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tkazilgan tekshiruvlarda banklarning rasmiy saytlarida iste’molchilarga berilishi lozim bo‘lgan minimal ma’lumotlar joylashtirilmagani, kredit shartnomalarida qonunchilik talablariga rioya qilinmagani va ayrim hollarda mijozlarning huquqlarini cheklovchi shartlar kiritilgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, garov mulklarini reyestrdan chiqarish qonuniy muddatlarda amalga oshirilmagani, onlayn kredit xizmatlarida to‘liq ma’lumot berilmagani, qarz mablag‘larini o‘z vaqtida qarzdorlikni so‘ndirishga yo‘naltirishda kechikishlarga yo‘l qo‘yilgani, mijoz murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonunchilik talablariga rioya qilinmagani aniqlandi.
Tekshiruvlar davomida har uch bankda iste’molchilardan ortiqcha foiz va turli ko‘rinishdagi asossiz to‘lovlar undirilgani qayd etildi. Natijada, TBC bank 615 million so‘m, Davr bank 931 million so‘m va Hamkorbank 955 million so‘m jarimaga tortildi. Shuningdek, banklarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va mijozlarga ortiqcha undirilgan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha majburiyat yuklatildi.
Xususan, TBC bank tomonidan kreditni qaytarish jarayonida mijozlardan ortiqcha hisoblangan foizlar va asossiz undirilgan mablag‘lar qayta hisoblanib, 4,2 milliard so‘m iste’molchilar foydasiga tiklandi. Davr bank xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha noto‘g‘ri hisoblangan foizlar, asossiz ushlab qolingan mablag‘lar va garov bo‘yicha undirilgan xizmat haqlari hisobidan jami 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni qaytardi. Hamkorbank esa kredit ajratishda noqonuniy undirilgan bir martalik komissiyalar, garov bo‘yicha qo‘shimcha to‘lovlar va boshqa ortiqcha yig‘imlar hisobidan qariyb 21 milliard so‘m mablag‘ni mijozlarga qaytarishi belgilandi.
Markaziy bankka kelib tushgan murojaatlar asosida ham iste’molchilarning huquqlari himoya qilinmoqda. Joriy yil davomida kelib tushgan 121 ta murojaatdan 68 tasi bo‘yicha mijozlar foydasiga 2,4 milliard so‘mlik moliyaviy naf tiklandi. Masalan, ayrim sud qarorlaridan keyin noqonuniy hisoblangan 1,5 milliard so‘mlik foiz va penyalar bekor qilindi, 635 million so‘mdan ortiq ortiqcha undirilgan mablag‘lar qaytarildi, 300 million so‘mdan ortiq asossiz xizmat haqlari mijozlarga qayta hisoblab berildi.
Markaziy bank nazorat choralarini faqatgina qoidabuzarliklarni bartaraf etish vositasi sifatida emas, balki bank xizmatlaridan foydalanish jarayonida iste’molchilar bilan munosabatlarda xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish omili sifatida ham ko‘rmoqda. Ta’kidlanishicha, moliyaviy tashkilotlarning samaradorligi nafaqat daromad yoki operatsiyalar hajmi, balki mijozlarga bo‘lgan munosabat bilan ham baholanadi.
Shu sababli, Markaziy bank tijorat banklarida mijozlarga adolatli, shaffof va ishonchli xizmat ko‘rsatish madaniyatini shakllantirishni asosiy vazifalardan biri deb hisoblaydi. Kelgusida ham iste’molchilar huquqlari buzilgan hollarda barcha moliyaviy tashkilotlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi va bu borada jamoatchilik muntazam ravishda xabardor qilib boriladi.