Markaziy bank nasiya savdo bozorini tartibga solish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yo‘lida amaliy ishlarni davom ettirmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasi va bozor ishtirokchilari bilan hamkorlikda “Nasiya savdo bozori ishtirokchilarining Axloq kodeksi” loyihasining birinchi varianti ishlab chiqildi. Mazkur hujjat isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish, yashirin to‘lov va jarimalarning oldini olish, shuningdek, nasiya bozorini yagona qoidalar asosida adolatli rivojlantirishga qaratilgan.
Axloq kodeksining asosiy maqsadi nasiya savdo shartlarini to‘liq va tushunarli qilish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda moliyaviy tizim barqarorligini taʼminlashdan iborat. Kodeks Fintex Assotsiatsiyasi a’zosi bo‘lgan nasiya savdo tashkilotlari faoliyatida “ishonch belgisi” tizimini joriy etishni nazarda tutadi. Ushbu belgi tashkilotning Axloq kodeksi talablariga rioya qilayotganini tasdiqlaydi va uning ishonchliligini oshiradi. 2025-yil 1-noyabrgacha tashkilotlar ushbu belgini soddalashtirilgan tartibda olishlari mumkin bo‘lib, keyingi bosqichdan to‘liq tizim asosida amal qiladi.
Yangi tizimga ko‘ra, nasiya savdo tashkilotlari o‘z rasmiy veb-saytlarida davlat ro‘yxatidan o‘tgan nomi, xizmat shartlari, to‘lov tartibi, yig‘im va jarimalar, shartnomani muddatidan oldin bekor qilish imkoniyatlari, maxfiylik siyosati hamda ishonch belgisi haqida ma’lumotni ochiq e’lon qilishi shart. Shuningdek, shartnoma tuzishdan avval iste’molchiga tovarning to‘liq narxi, barcha to‘lovlar, yillik foiz stavkasi (APR) va to‘lov jadvali bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etilishi lozim.
Axloq kodeksi reklama va targ‘ibot faoliyati ham tartibga solinadi. Reklama materiallari “Reklama to‘g‘risida” hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga to‘liq muvofiq bo‘lishi kerak. Reklama ma’lumotlari iste’molchiga noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi tarzda taqdim etilishi qat’iyan man etiladi. Masalan, haqiqatga mos kelmasa, “0%”, “bepul” kabi iboralardan foydalanish taqiqlanadi. Shuningdek, reklamalarda “barcha mijozlar uchun mos”, “xavfsiz” kabi umumiy, lekin asoslanmagan da’volarni ishlatish mumkin emas.
Agar nasiya xizmati Islomiy moliya tamoyillariga muvofiq deb e’lon qilinayotgan bo‘lsa, reklama matnida bu haqda qisqacha izoh keltirilib, muvofiqlikni tasdiqlovchi Maxsus kengash xulosasiga havola berilishi kerak. Shuningdek, reklama materiallarida kechiktirilgan to‘lovlar, jarimalar yoki boshqa qo‘shimcha yig‘imlar mavjud bo‘lishi mumkinligi aniq ko‘rsatilishi lozim.
Har bir nasiya savdo tashkiloti iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibini joriy etadi, call-markaz orqali bog‘lanish imkoniyatini yaratadi va murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda javob berishni ta’minlaydi. Murojaatlar og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.
Kodeks aholining ortiqcha qarz yukini kamaytirishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ham belgilaydi. Yangi mijozlarga dastlabki nasiya limiti 2 million so‘m etib belgilanadi, qarz yuki ko‘rsatkichi esa 50 foizdan oshmasligi lozim. Mijoz to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagan taqdirda qo‘shimcha jarimalar hisoblanmaydi, muddati o‘tgan qarzdorligi bor shaxslarga esa yangi nasiya xizmati ko‘rsatilmaydi. Shu bilan birga, mijozlar qarzdorlikni muddatidan oldin to‘liq so‘ndirish huquqiga ega bo‘ladi va bunda hech qanday jarima undirilmaydi.
Axloq kodeksi doirasida firibgarlik holatlarining oldini olish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Yangi mijozlar biometrik identifikatsiya orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi, nasiya savdo tashkilotlari esa mijoz limitlarini naqdlashtirish bilan shug‘ullanmasligi kerak. Shuningdek, Fintex Assotsiatsiyasi insofsiz va firibgarlik faoliyatiga aralashgan tashkilotlarning maxsus reyestrini yuritadi.
Mazkur tashabbuslar nasiya savdo bozorida shaffoflikni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bozordagi sog‘lom raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi. Markaziy bank ushbu yo‘nalishda islohotlarni bosqichma-bosqich davom ettirib, moliyaviy tizimda ishonch va barqarorlikni mustahkamlashni maqsad qilgan.