Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-oktyabr kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda bu tarmoqda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushdi. Natijada, joriy yilning 9 oyida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga o‘sib, 34 trillion so‘mga yetdi. Eksport ko‘rsatkichi esa 970 million dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, tarmoqda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud. Xususan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, misni chuqur qayta ishlash va eksportni diversifikatsiya qilish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda mis eksportining qariyb 60 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga to‘g‘ri keladi.
Taqdimotda chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Jumladan, mis xaridida chegirmalar berish, kreditlarning 5 foizdan yuqori qismini davlat tomonidan qoplash, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarini joriy etish taklif etildi.
Prezident yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, elektronika va yarim o‘tkazgichlar yo‘nalishiga kirib borish zarurligini ta’kidladi.
Rejalarga ko‘ra, yaqin yillarda mis ishlab chiqarish hajmi 250 ming tonnaga, 2030-yilga borib esa 500 ming tonnaga yetkaziladi. Ushbu xomashyo negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha 2,1 milliard dollarlik 157 ta loyiha shakllantirilgan. Ular orqali 14,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu loyihalar doirasida serverlar, sanoat elektronikasi, konditsionerlar, quyosh panellari, avtomatika tizimlari va smart-kartalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, hududlardagi elektrotexnika texnoparklarining faoliyati ham ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlarini xalqaro bozorlarga chiqarish imkoniyatlari kengaymoqda. Xususan, O‘zbekiston standartlar instituti Xalqaro elektrotexnika komissiyasi baholash tizimiga a’zo bo‘ldi. Endilikda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sertifikatlari 53 ta davlatda tan olinadi.
Bundan tashqari, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yevropalik hamkorlar bilan “CE” belgisi tizimini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu belgining joriy etilishi O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilish hajmini kamida ikki barobar oshirish imkonini beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev taqdimot yakunida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini tezlashtirish, eksport o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va yangi tashqi bozorlarni egallash bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.