Hukumat qarori bilan “Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, “2+6” dasturi xorijiy tilni o‘rganayotgan va kamida minimal darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan yoshlar uchun amal qiladi. Dastur shartlariga binoan:
- Ariza beruvchi dastlabki 2 oy uchun o‘qish xarajatini o‘z hisobidan to‘laydi;
- Keyingi 6 oy uchun esa xarajatlar Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya sifatida qoplanadi.
Dastur doirasida yoshlar uchun oy yakunida quyidagi miqdorda subsidiya ajratiladi (BHM — 412 000 so‘m):
- Toshkent shahrida – BHMning 2 baravarigacha (824 000 so‘mgacha);
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat markazlarida – BHMning 1,5 baravarigacha (618 000 so‘mgacha);
- Tuman va shaharlarda – BHMning 1 baravarigacha (412 000 so‘mgacha).
Rejaga ko‘ra, 2025–2026 yillarda 20 ming nafargacha yosh xorijiy til o‘rganish xarajatlari uchun subsidiya oladi. 2031-yilgacha har yili shuncha yoshni qamrab olish rejalashtirilgan.
Agar bir yil davomida subsidiyadan foydalanuvchilar soni 20 ming nafardan oshsa, keyingi subsidiya ajratish navbatdagi yilgacha to‘xtatiladi.
Subsidiya faqat quyidagi talablarga javob beruvchi o‘quv markazlariga ajratiladi:
- belgilangan tartibda elektron platformada ro‘yxatdan o‘tgan;
- o‘quvchilarning darslarda ishtirokini kundalik elektron nazorat tizimi orqali kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lgan markazlar.