Tojikiston poytaxtida 2030-yilgacha elektrosamokat va elektroskuterlardan foydalanish taqiqlandi. Taqiq avtomobil yo‘llari hamda piyodalar yo‘laklariga ham tegishli.
Mazkur qaror Dushanbe shahar xalq deputatlari majlisi qaroriga asosan qabul qilinganini Tengrinews.kz xabar berdi.
Shahar militsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, cheklov Dushanbening barcha tumanlarida amal qiladi, biroq ayrim maxsus ajratilgan joylarda harakatlanishga ruxsat berilishi mumkin. Qaysi joylar ekanligi hozircha aniqlanmagan.
Ushbu cheklov poytaxtda veloyo‘laklar, to‘xtash joylari va xavfsiz harakatlanish hududlari kabi to‘liq infratuzilma yaratilmaguncha amal qiladi.
Rasmiylarga ko‘ra, qaror elektrosamokat va elektroskuterlardan tartibsiz foydalanishni kamaytirish, ularning ishtirokida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarini oldini olish, transport vositalari va piyodalar harakatiga to‘siq bo‘lmasligini ta’minlash hamda yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.