Amazon Project Kuiper tarmog‘i orqali O‘zbekiston hududida yuqori tezlikdagi internetni joriy etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Amazon vakillari 7–9-oktabr kunlari AQSh biznes delegatsiyasi tarkibida mamlakatimizga tashrif buyurib, vazir Sherzod Shermatov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda keng polosali internet tarmoqlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Amazon Kuiper Commercial Services o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Kelishuvning asosiy maqsadi — O‘zbekistonning chekka va aholisi kam hududlarida ham sun’iy yo‘ldosh orqali tezkor internet xizmatlarini yo‘lga qo‘yish.
Project Kuiper tarmog‘i 400 Mbit/s tezlikni ta’minlashi, kelajakda esa 1 Gbit/s darajasigacha yetishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida mamlakat hududida 12 ta yer usti stansiyasidan foydalanish rejalashtirilgan.
Bu tashabbus O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.