O‘zbekistonning milliy pochta operatori — “O‘zbekiston pochtasi” AJ aksiyalaridagi davlat ulushi xususiylashtiriladi. Bu haqda “Gazeta” nashriga bitim jarayonidan xabardor manba ma’lum qilgan.
Manbaga ko‘ra, kompaniya aksiyalarini Rossiyaning yirik elektron savdo platformalaridan biri sotib olishi mumkin. Bitim tafsilotlari, jumladan, aksiyalar paketi hajmi hozircha oshkor etilmagan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham hozircha rasmiy izoh bermagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa Wildberries kompaniyasi ehtimoliy xaridor sifatida tilga olinmoqda.
Joriy yil iyun oyida UzPost’ning affillangan shaxslar ro‘yxatida o‘zgarishlar bo‘lgan. Undan “Aloqabank”, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda ushbu vazirlik bilan bog‘liq yuridik shaxslar chiqarilgan. Ularning o‘rnini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi va Davaktivga tegishli yuridik shaxslar egallagan.
Shu tariqa, ushbu uch tashkilot UzPost aksiyalarining 20 foizdan ortiq qismiga egalik qilmoqda. Bitimdan oldin esa kompaniyaning ustav kapitali 38,06 mlrd so‘mdan 52,56 mlrd so‘mgacha oshirilgan.
Ma’lumot uchun: “O‘zbekiston pochtasi” 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2014-yilda aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan. Bugungi kunda kompaniya 14 ta hududiy filial, 1600 dan ortiq pochta bo‘limi va 3500 ga yaqin yetkazib berish uchastkasiga ega.