“UzAuto Motors” AJ avtomobil modellari qatorini kengaytirish dasturi doirasida tayyorgarlik ishlarini yakunlab, yangi Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarining ommaviy ishlab chiqarilishini boshlaganini ma’lum qildi.
Endilikda Cobalt avtomobili mavjud uchta komplektatsiyadan tashqari, xaridorlarga yana ikkita yangi versiyada – Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM ko‘rinishida taqdim etiladi. Yangi versiyalarda ilgari mavjud bo‘lmagan qulay opsiyalar va texnik yangilanishlar joriy etilgan.
Modernizatsiya doirasida avtomobilning 50 dan ortiq muhim komponentlari yangilandi. Jumladan, yangi dvigatel boshqaruv bloki o‘rnatildi, gaz taqsimlash va elektron boshqaruv tizimlari takomillashtirildi, ABS tizimi, xavfsizlik yostiqchalari va himoya funksiyalari boshqaruv bloklari yangilandi. Diagnostika moduli ham sezilarli darajada yaxshilandi.




Har ikkala yangi versiyada haydovchi va yo‘lovchilar qulayligiga alohida e’tibor berilgan. Avtomobil endilikda kruiz-nazorat tizimi bilan jihozlanib, belgilangan tezlikni avtomatik ravishda ushlab turish imkonini beradi. Shuningdek, old o‘rindiqlarning isitish tizimi sovuq mavsumda qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Yangilangan sensorli multimedia tizimi esa Android Auto va Apple CarPlay platformalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa foydalanuvchilarga smartfonni avtomobil tizimiga oson ulash, navigatsiyadan foydalanish, musiqa tinglash hamda qo‘ng‘iroqlarni chalg‘imasdan boshqarish imkonini beradi.
Yangi asboblar paneli, multimedia va kruiz-nazorat boshqaruv tugmalariga ega rul haydovchining qulayligini oshirib, avtomobil boshqaruvini xavfsizroq qiladi.
Alohida e’tiborga molik Midnight MCM versiyasi dizayn va texnologiya uyg‘unligini ifodalaydi. Salon ekocharm o‘rindiqlar, isitish tizimi, yangi tikuv dizayni va qora rangdagi interyer bilan jihozlangan. Shuningdek, qora quyma disklar, qoraytirilgan faralar va qora oynalar avtomobilga o‘ziga xos uslub baxsh etadi.
Tavsiya etilgan chakana narxlar quyidagicha:
- Cobalt Style MCM – 156 100 000 so‘m
- Cobalt Midnight MCM – 165 200 000 so‘m
Avvalgi komplektatsiyalar esa o‘z narxlarida saqlanadi:
- Style AT Plus – 147 916 000 so‘m
- Midnight AT – 155 231 000 so‘m
Yangi Chevrolet Cobalt 2025-yil 3-noyabrdan boshlab barcha rasmiy Chevrolet dilerlik markazlarida xaridorlarga taqdim etiladi.