Hamkorbank 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarini o‘z ichiga olgan moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, bankning sof foydasi 1 trillion 268 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 226,7 milliard so‘mga yoki 21,8 foizga ko‘p.
Yil boshidan beri bankning moliyaviy ko‘rsatkichlari barqaror o‘sishda davom etmoqda. Umumiy aktivlar hajmi 22,7 foizga oshib, 32,5 trillion so‘mga, kapitali esa 31,1 foizga ko‘payib, 6,3 trillion so‘mga yetgan.
Bankning foizli daromadlari 9 oy davomida 3,79 trillion so‘m, foizsiz daromadlari esa 1,71 trillion so‘mni tashkil qilgan. Shu bilan birga, foizli xarajatlar 1,06 trillion so‘mga, foizsiz xarajatlar esa 1,48 trillion so‘mga teng bo‘lgan.
Shuningdek, bankning foizli kredit portfeli 17,1 trillion so‘m, investitsiyalar hajmi esa 724,4 milliard so‘m etib qayd etilgan.
Shu davrda bank 889,3 milliard so‘m xodimlar maoshi va boshqa operatsion xarajatlarga, shuningdek 281,7 milliard so‘m daromad solig‘iga sarflagan.
Eslatib o‘tamiz, Hamkorbank 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra 806,8 milliard so‘m sof foyda bilan mamlakatdagi uchinchi eng ko‘p foyda olgan bank bo‘lgan. Undan yuqori natija O‘zmilliybank va O‘zsanoatqurilishbank (SQB) tomonidan qayd etilgan edi.