Yakshanba, 9 Noyabr

SQB sof foydasi xususiylashtirish arafasida rekord darajada oshdi

O‘zsanoatqurilishbank (SQB) 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarini qamrab olgan moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, bankning sof foydasi 1 trillion 386 milliard so‘mni tashkil etib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 72,9 foizga ko‘p.

Natijada SQB mamlakatdagi eng ko‘p foyda olgan banklar orasida ikkinchi o‘rinni egallashi kutilmoqda. “Kapitalbank” va “Hamkorbank” ko‘rsatkichlarini ortda qoldirgan bankni hozircha faqat “O’zmilliybank” o‘zib ketishi mumkin — hozircha O’zmilliybank o‘z hisobotini e’lon qilmagan.

Uch chorak davomida SQB:

  • 8 trillion so‘m foizli daromad,
  • 5,2 trillion so‘m foizsiz daromad olgan.

Shuningdek, 826 milliard so‘m xodimlar maoshi va boshqa operatsion xarajatlarga, 243 milliard so‘m esa daromad solig‘iga yo‘naltirilgan.

Hukumat bir necha yildan beri SQB’ni xususiylashtirishga tayyorlab kelmoqda. 2025 yil sentyabr oyida bankning 30 foiz ulushi “Milliy investitsiya jamg‘armasi” (UzNIF) boshqaruviga o‘tkazildi. Mazkur jamg‘arma Franklin Templeton investitsiya kompaniyasi tomonidan boshqariladi.

UzNIF hozirda 1,7 milliard dollarlik aktivlarni nazorat qiladi va Toshkent hamda London fond birjalarida dual listing orqali IPO o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekistonning 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyasiga ko‘ra, SQB va boshqa yirik davlat banklarini xususiylashtirish jarayoni 2025 yildan keyin amalga oshiriladi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid