Dunyo bo‘yicha oltinning umumiy kapitallashuvi 30 trillion dollarga yetdi — bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. 16-oktabr, chorshanba kuni oltin narxi yana rekordni yangilab, bir unsiyasi 4 300 dollardan oshdi.
Toshkent vaqti bilan 17-oktabr, juma kuni soat 8:00 holatiga ko‘ra, dekabr oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari 4 358 dollar atrofida savdolashmoqda.
Mutaxassislar fikricha, oltin narxining oshishi AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi, geosiyosiy beqarorlik, AQShdagi hukumat faoliyatining to‘xtab qolishi (shatdaun), shuningdek, Federal zaxira tizimi (FRT) tomonidan foiz stavkalarini pasaytirish kutilayotgani bilan bog‘liq.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Goldman Sachs tahlilchilari oltin bo‘yicha prognozlarini yangilab, 2026-yil dekabr oyiga qadar bir unsiya narxi 4 900 dollarga yetishini kutmoqda. Avvalgi prognozda bu ko‘rsatkich 4 300 dollar edi.
Bank of America esa keyingi yilda oltin narxi 5 000 dollarga yetishini, yil davomida esa o‘rtacha narx 4 400 dollar atrofida bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Markaziy bank maʼlumotiga koʼra, 1 kun ichida oltin quymalar narxi sezilarli darajada oʼsdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda oltin quyma narxlari quyidagicha belgilangan:
- 5 gramm – 8 801 000 so‘m (bir kunda 318 000 so‘mga oshdi)
- 10 gramm – 17 601 000 so‘m so‘m (+635 000 so‘m)
- 20 gramm – 35 203 000 so‘m (+1 271 000 so‘m)
- 50 gramm – 88 007 000 so‘m (+3 176 000 so‘m)
- 100 gramm – 176 013 000 so‘m (+6 352 000 so‘m)
Yil boshidan buyon oltin quyma narxi 44-marta yangi rekordni qayd etdi.