Yakshanba, 9 Noyabr

Markaziy bank raisiga uch nafar yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

O‘zbekiston Markaziy bankida kadrlar almashinuvi amalga oshirildi — moliya regulyatori rahbariyatiga uch nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Nodirbek Achilov – pul-kredit siyosati uchun mas’ul

Nodirbek Muhammadiyevich Achilov Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimini egalladi. U ilgari bankning Monetar operatsiyalar departamentiga rahbarlik qilgan. Achilov moliyaviy bozorlar bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lib, endilikda mamlakatning pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘ladi.

Sanjar Nosirov – bank tizimi nazorati yo‘nalishida

Sanjar Salaydinovich Nosirov ham Markaziy bank raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. U avval kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamentini boshqargan. Uning yangi vazifasi tijorat banklari faoliyatini yanada samarali va shaffof qilish, nazorat mexanizmlarini takomillashtirish bilan bog‘liq.

Nusratulla Fazilov – moliyaviy barqarorlik uchun javobgar

Yana bir tayinlov – Nusratulla Nigmatullayevich Fazilov Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlandi. U ilgari prudensial nazorat departamentiga rahbarlik qilgan bo‘lib, risklarni boshqarish va moliyaviy barqarorlik sohasidagi mutaxassis sifatida tanilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 24-oktabr kuni Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish qarorini qabul qilgandi. Ushbu qaror inflyatsiya bosimini jilovlash hamda iqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid