Yakshanba, 9 Noyabr

AQSh Federal rezerv tizimi stavkani 3,75–4 foizgacha tushirdi

AQSh Federal rezerv tizimi (FRT) asosiy foiz stavkasini 0,25 foiz bandga kamaytirib, uni 3,75–4 foiz oralig‘ida belgiladi. Bu joriy yildagi ikkinchi marta pul-kredit siyosatini yumshatish qarori bo‘lib, birinchi marta sentabr oyida shunday chora ko‘rilgan edi.

Bloomberg nashrining yozishicha, stavkani pasaytirish qarori bozor tomonidan deyarli 100 foiz ehtimol bilan kutilgan. Biroq, asosiy e’tibor FRTning Federal ochiq bozor qo‘mitasi (FOMC) a’zolari orasidagi ovoz taqsimotiga qaratildi. Natijada, 12 a’zodan ikkitasi qarorga qarshi chiqdi: boshqaruvchi Stiven Miran stavkani 0,5 foiz bandga tushirishni taklif qilgan bo‘lsa, Kanzas-Siti Federal rezerv banki prezidenti Jeffri Shmid stavkani avvalgi 4–4,25 foiz darajasida qoldirish tarafdori bo‘lgan.

Shuningdek, FRT 1-dekabrdan boshlab balansni qisqartirish dasturini (ya’ni, miqdoriy qat’iylashtirish — quantitative tightening, QT) yakunlashini e’lon qildi.

MarketWatch nashrining izoh berishicha, pandemiya davrida AQSh markaziy banki uzoq muddatli foiz stavkalarini past darajada ushlab turish va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida trillionlab dollarlik qimmatli qog‘ozlarni sotib olish orqali keng ko‘lamli miqdoriy yumshatish (QE) dasturini ishga tushirgan edi. Natijada, FRT balansidagi aktivlar hajmi qariyb 9 trillion dollargacha oshgan, 2022 yildan esa regulyator bu ko‘rsatkichni bosqichma-bosqich qisqartirib, umumiy hajmni taxminan 2,2 trillion dollarga kamaytirgan.

AQSh Federal rezerv tizimi (FRT) asosiy stavkani pasaytirgani haqidagi qaror e’lon qilingach, mamlakatning yirik fond indekslari dastlab o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi. Xususan, S&P 500 indeksi qariyb 0,2%, Nasdaq Composite0,55%, Dow Jones esa 0,3% ga oshdi.

Biroq, keyinchalik aksiyalar narxlari pasayishni boshladi va barcha uchta indeks salbiy hududga o‘tdi. Eng katta pasayish S&P 500 indeksida kuzatildi — u 0,3% dan ko‘proqqa tushdi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid