Payshanba, 25 Dekabr

Iste’mol kreditlari va mikroqarzlar uchun yangi cheklovlar belgilanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan banklarga o‘rnatiladigan makroprudensial normativlar hamda iste’mol kreditlari va mikroqarzlar bo‘yicha to‘lovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablarni takomillashtirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.

Mazkur qaror 2025-yil 5-dekabrda qabul qilingan bo‘lib, Adliya vazirligida 2025-yil 18-dekabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach kuchga kiradi.

Qarorga muvofiq, kreditlash amaliyotida “qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi” (Debt-to-Income, DTI) tushunchasi joriy etildi. Ushbu ko‘rsatkich qarz oluvchining barcha iste’mol kreditlari va mikroqarzlari bo‘yicha asosiy qarz (limit) summasining uning o‘rtacha oylik daromadiga nisbati sifatida aniqlanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan boshlab:

  • agar qarz oluvchining daromadlari rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, qarzning daromadga nisbati 8 barobardan oshmasligi lozim;
  • daromadlarni aniqlash imkoniyati mavjud bo‘lmagan holatlarda mazkur ko‘rsatkich 5 barobar bilan cheklanadi;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun esa qarzning daromadga nisbati 8 barobardan oshmasligi belgilandi.

Shu bilan birga, banklarga berilgan, biroq so‘ndirilmagan kreditlarning eng ko‘pi bilan 15 foizi doirasida ayrim istisnolar qo‘llanishi mumkin. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida yaqinda ro‘yxatdan o‘tgan va daromad olishga yo‘naltirilgan faoliyat uchun kredit olayotgan qarz oluvchilar bo‘yicha qarzning daromadga nisbati hisoblanmasligi mumkin.

Qarorda, shuningdek, o‘rtacha oylik daromadni aniqlash mexanizmlari aniqlashtirildi. Banklar qarz oluvchining so‘nggi kamida 6 oy va ko‘pi bilan 12 oy davomidagi daromadlari asosida o‘rtacha ko‘rsatkichni hisoblaydi. Ayrim holatlarda avval to‘liq so‘ndirilgan kreditlar bo‘yicha to‘lovlar tarixidan ham foydalanishga ruxsat etiladi.

Bundan tashqari, ipoteka kreditlari bo‘yicha ayrim normativlarga ham o‘zgartirishlar kiritilib, imtiyozli (foizsiz) davrning eng kam muddati 45 kun etib belgilandi. Kreditlar bo‘yicha eng yuqori to‘lov qiymatlari ham qayta ko‘rib chiqildi.

Markaziy bankning mazkur qarori aholi va bank tizimi uchun kredit yuklamasini muvozanatlash, ortiqcha qarzdorlik xavfini kamaytirish hamda moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid