Payshanba, 25 Dekabr

Ilon Mask tarixda ilk trillioner bo‘lishga yanada yaqinlashdi

Dunyoning eng boy insoni Ilon Mask tarixda ilk bor trillioner bo‘lish sari yana bir muhim qadam tashladi. AQShning Delaver shtati Oliy sudi tomonidan Tesla rahbariga tegishli milliardlab dollarlik aksiyalar paketi qayta tiklangani uning boyligini keskin oshirdi.

Forbes milliarderlari indeksiga ko‘ra, juma kuni Ilon Maskning sof boyligi 749 milliard AQSh dollariga yetdi. Shu tariqa u 700 milliard dollarlik marrani bosib o‘tgan tarixdagi ilk shaxsga aylandi.

Hozirda Ilon Mask dunyoning eng boy odami bo‘lib qolmoqda. Uning boyligi ikkinchi o‘rindagi milliarder — Google hammuassisi Larri Peyjdan qariyb 500 milliard AQSh dollariga ko‘p ekani qayd etilgan.

Boylikning keskin oshishiga Delaver shtati Oliy sudining 2018-yilda Maskka berilgan Tesla aksiyalariga oid qarori sabab bo‘ldi. Sud tomonidan qiymati 139 milliard dollarga teng bo‘lgan ushbu aksiyalar paketi qayta tiklandi. Mazkur kompensatsiya dastlab 56 milliard dollar miqdorida baholangan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda quyi instansiya sudi ushbu to‘lov paketini “haddan tashqari yuqori” deb topib, bekor qilgan edi. Sudya Kathaleen Makkormik Tesla direktorlar kengashi manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganini va aksiyadorlardan muhim ma’lumotlar yashirilganini ta’kidlagan.

Biroq joriy yilda Oliy sud ushbu qarorni bekor qilib, Ilon Mask olti yil davomida kompaniya rivoji uchun qilgan mehnati deyarli mukofotsiz qolganini qayd etdi. Sudga ko‘ra, avvalgi hukm noto‘g‘ri va adolatsiz bo‘lgan.

Mazkur qaror Ilon Maskni nafaqat rekord darajadagi boylik egasiga aylantirdi, balki uni insoniyat tarixidagi ilk trillioner bo‘lish ehtimoliga yanada yaqinlashtirdi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid