Payshanba, 25 Dekabr

2025-yil 3-chorakda ko‘chmas mulk bitimlari 14,1 foizga oshdi

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan 2025-yil 3-chorak tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori yuqori faollikni saqlab qoldi. Hisobot davrida uy-joy bozorida bitimlar soni sezilarli oshib, talabning barqarorligi va taklifning yetarli darajada shakllangani bozor muvozanatini ta’minladi. Aholining real daromadlari o‘sishi, ipoteka kreditlari hajmining kengayishi hamda qurilish sohasidagi faollik ushbu ijobiy tendensiyalarning asosiy omillari bo‘ldi.

3-chorak yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 81,4 ming tani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,1 foizga oshdi. Yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa bitimlar soni 229,8 ming taga yetdi. Bozor faolligining oshishida ipoteka kreditlari muhim rol o‘ynadi — ushbu davrda ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 5,6 trln so‘mni tashkil etib, yillik hisobda qariyb 15 foizga o‘sdi.

Aholining real daromadlari o‘sishi ham uy-joy bozoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 2025-yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, real daromadlar 8,4 foizga oshgan. Shu bilan birga, qurilish sektori yuqori sur’atlarda rivojlanishda davom etib, yanvar–sentyabr oylarida qurilish ishlari hajmi real hisobda 14,2 foizga ko‘paydi. Ushbu davrda 11,1 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, bunda o‘sish asosan yakka tartibdagi uy-joylar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Shuningdek, bozorda taklif yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Birlamchi, ikkilamchi, ijara va yer uchastkalari segmentlarida oylik o‘rtacha e’lonlar soni 41,6 ming tani tashkil etdi. Aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari joriy talabning barqarorligini ko‘rsatmoqda, biroq uy-joy xarid qilish bo‘yicha kutilmalar o‘tgan yilga nisbatan biroz pasaygan.

Narxlar dinamikasida esa keskin o‘zgarishlar qayd etilmadi. Birlamchi va ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari so‘m hisobida mo‘tadil sur’atlarda oshgan bo‘lsa, dollar hisobida milliy valyutaning mustahkamlanishi fonida yuqoriroq o‘sish kuzatildi. Shu bilan birga, sotuvchilarning narxlarni xorijiy valyutada belgilashga moyilligi aktivlar qiymatini saqlab qolishga intilayotganini ko‘rsatmoqda. Ijara bozori esa avgust–sentyabr oylarida mavsumiy talab ortishi sababli sezilarli faollashib, narxlar o‘sish sur’ati tezlashdi.

Umuman olganda, 2025-yil 3-choragida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori barqaror rivojlanish bosqichida bo‘lib, bitimlar sonining ko‘payishi, ipoteka kreditlari hajmining oshishi va aholining daromadlari o‘sishi fonida yuqori faollik saqlanib qoldi. Taklifning yetarliligi va muvozanatli talab esa narxlarning keskin tebranishsiz, mo‘tadil shakllanishini ta’minladi.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid