O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘lchovli oltin quymalarini qaytarib sotib olish narxlarini birinchi marta e’lon qildi.
2026-yil 5-yanvar holatiga Markaziy bank tomonidan sotilayotgan oltin quymalarining narxlari belgilandi. Xususan, 5 gramm oltin 8 million 735 ming so‘m, 10 gramm 17 million 469 ming so‘m, 20 gramm 34 million 939 ming so‘m, 50 gramm 87 million 347 ming so‘m, 100 gramm oltin quymasi esa 174 million 694 ming so‘mdan sotuvga chiqarilmoqda.
Qaytarib sotib olish narxlari esa oltin quymaning qadoq holatiga qarab farqlanadi. Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qadoqlari but holatda saqlangan oltin quymalar quyidagi narxlarda qaytarib sotib olinadi:
- 5 gramm — 8 395 000 so‘m
- 10 gramm — 16 791 000 so‘m
- 20 gramm — 33 582 000 so‘m
- 50 gramm — 83 955 000 so‘m
- 100 gramm — 167 910 000 so‘m
Agar oltin quymaning qadoqi buzilgan yoki u texnik talablarga mos kelmaydigan holatda bo‘lsa, qaytarib sotib olish jarayoni texnik ekspertiza orqali amalga oshiriladi. Bunday holatda narxlar quyidagicha belgilanadi:
- 5 gramm — 8 311 000 so‘m
- 10 gramm — 16 621 000 so‘m
- 20 gramm — 33 243 000 so‘m
- 50 gramm — 83 107 000 so‘m
- 100 gramm — 166 214 000 so‘m
Qadoqlari but bo‘lgan oltin quymalar tijorat banklari tomonidan sotuv shoxobchalarida darhol to‘lov amalga oshirilgan holda qaytarib sotib olinadi. Qadoqlari buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan quymalar esa majburiy texnik ekspertizadan o‘tkazilib, to‘lov ekspertiza yakunlangach amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, Markaziy bank 5, 10, 20, 50 va 100 gramm og‘irlikdagi, 999,9 soflikdagi oltin quymalarni tijorat banklari orqali sotuvga chiqarmoqda. Oltin quymalar maxsus himoya qadoqlarida taqdim etiladi bo‘lib, ushbu qadoq sertifikat vazifasini bajaradi va har bir quymaga alohida seriya raqami biriktirilgan.
Oltin quymalarining sotish va qaytarib sotib olish narxlari oltinning jahon bozoridagi narxlari hamda Markaziy bank tomonidan belgilangan marja yoki chegirma asosida shakllanadi va har kuni Markaziy bankning rasmiy veb-saytida milliy valyutada e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, qadoqlari but holatdagi oltin quymalarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat etiladi. Bu esa oltin quymalarni uzoq muddatli jamg‘arma va investitsiya vositasi sifatida yanada jozibador qiladi.
O‘lchovli oltin quymalarining sotish va qaytarib sotib olish shoxobchalari bo‘yicha ma’lumotlar bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.