2026-yil 6–7-aprel kunlari ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda 500 ming so‘mlik kupyura chiqarilishi haqida xabarlar keng tarqaldi. Ushbu xabarlarda yangi banknotda Mirzo Ulug‘bek surati aks ettirilishi aytilgan bo‘lib, bu holat qisqa vaqt ichida ommaviy muhokamalarga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, ular haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Regulyatorga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu ma’lumotlar asossiz va feyk hisoblanadi.
Markaziy bank axborot xizmatining ta’kidlashicha, aholi faqat rasmiy manbalarga tayanishi lozim. “Barcha rasmiy ma’lumotlar uchun Markaziy bankning rasmiy sahifalarini kuzatib borishingizni so‘raymiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Avvalroq, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 2026-yil 28-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakatda yangi yirik nominaldagi kupyura chiqarish yoki milliy valyutani denominatsiya qilish rejalashtirilmaganini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bankning asosiy e’tibori inflyatsiya darajasini nazorat qilish va belgilangan maqsadlarga erishishga qaratilgan.
Shuningdek, u bozordagi ayrim o‘zgarishlar banknotalar nominal tuzilmasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etgan.
Bu kabi yolg‘on xabarlar avval ham kuzatilgan. Xususan, 2024-yilda ijtimoiy tarmoqlarda 400 ming so‘mlik banknota haqida turli asossiz ma’lumotlar tarqalgan edi. Ayrim holatlarda esa 100 ming so‘mlik kupyura tasvirlari tahrirlanib, undagi raqamlar 400 ming ko‘rinishiga o‘zgartirilgan holda tarqatilgan.
Markaziy bank bu kabi materiallar hech qanday qonuniy asosga ega emasligini alohida ta’kidlagan.
“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, pul belgilarining nominal qiymati faqat Markaziy bank tomonidan belgilanadi. Shuningdek, mamlakat hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida pul belgilarini muomalaga chiqarish huquqi ham faqat regulyatorga tegishli. Yangi banknotalar chiqarilishi haqidagi barcha ma’lumotlar Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali rasman e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda oxirgi yirik nominaldagi banknota — 200 ming so‘mlik kupyura 2022-yil iyul oyida muomalaga chiqarilgan.
Markaziy bank fuqarolarni bunday yolg‘on xabarlarga aldanmaslikka va faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 500 ming so‘mlik kupyura haqidagi ma’lumotlar esa hech qanday asosga ega emas.