Shanba, 11 Aprel

O’zbekiston xalqaro kapital bozoriga chiqmoqda

IPO jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish va uni muvofiqlashtirish ishlari O‘zbekistonda faoliyat yuritish litsenziyasiga ega bo‘lgan xalqaro investitsiya kompaniyasi — “Franklin Templeton” tomonidan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiy tarixida muhim burilish yuz bermoqda — mamlakat ilk bor xalqaro aksiyalar bozoriga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. «O‘zbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamg‘armasi» AJ aksiyalarini bir vaqtning o‘zida London fond birjasi va Toshkent respublika fond birjasida joylashtirish rejalashtirilgan.

IPO jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish va uni muvofiqlashtirish ishlari O‘zbekistonda faoliyat yuritish litsenziyasiga ega bo‘lgan xalqaro investitsiya kompaniyasi — “Franklin Templeton” tomonidan amalga oshirilmoqda. Ushbu kompaniyaning jalb etilishi jarayonning xalqaro standartlar asosida tashkil etilishini ta’minlaydi.

Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram kanalida ma’lum qilib, mazkur qadam xorijiy investorlar uchun muhim signal ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston global qoidalar asosida shaffof va halol ishlashga tayyor ekanini namoyon etmoqda.

2026-yil 25-fevralda qabul qilingan PQ–74-sonli qarorga muvofiq, yil yakuniga qadar Milliy investitsiya jamg‘armasi ustav kapitalining 30 foizgacha qismi IPO orqali sotilishi belgilangan. Aksiyalar xalqaro va mahalliy fond bozorlarida taklif etilishi orqali xorijiy va ichki investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratiladi hamda mamlakat kapital bozori rivojlanishiga turtki beradi.

Qarorda korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Xususan, jamiyatlar kuzatuv kengashlarida mustaqil a’zolar ulushi 50 foizga yetkaziladi, moliyaviy natijalar va biznes-rejalar ijrosi ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Shuningdek, dividend siyosatiga oid muhim cheklovlar joriy etilmoqda. Jamg‘arma tarkibidagi jamiyatlarda hisoblangan dividendlarni kompaniya ixtiyorida qoldirishni nazarda tutuvchi normativ hujjatlarni qabul qilish taqiqlanadi. Bundan tashqari, bunday jamiyatlar o‘z faoliyatiga oid muhim moliyaviy va strategik ma’lumotlarni avval Jamg‘arma bilan kelishib, so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etadi.

Mazkur IPO O‘zbekiston iqtisodiyotining yangi, zamonaviy taraqqiyot bosqichiga o‘tayotganini anglatadi. Xalqaro moliya bozorlariga chiqish orqali mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlash maqsad qilinmoqda.

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid