2026-yil mart oyida Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda jami 29 ta masala ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Hisobot davrida qo‘mita 7 marta yig‘ilish o‘tkazgan, deya xabar berdi regulyator axborot xizmati.
Ko‘rib chiqilgan masalalarning 17 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 4 ta holatda kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgarishlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan, 3 ta masala bo‘yicha ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berilgan. Shuningdek, 1 ta auditorlik sertifikati banklarda audit o‘tkazish huquqi uchun ko‘rib chiqilgan hamda 9 ta holatda tijorat banklari kuzatuv kengashi, boshqaruv a’zolari va muhim xodimlar nomzodlari tasdiqlangan.
Bundan tashqari, 12 ta masala kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid bo‘lib, ular doirasida prudensial me’yorlarga rioya etilishi, inspeksiya va o‘rganishlar natijalari, shuningdek moliyaviy xizmatlarni “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish jarayonlari muhokama qilingan.
Nazorat tadbirlari yakuniga ko‘ra, 17 ta bank prudensial normativ talablariga rioya etmaganligi sabab ogohlantirildi. Shuningdek, qonunchilik talablariga muvofiq faoliyat yuritmaganligi va aniqlangan kamchiliklar uchun 20 ta bank, 89 ta mikromoliya tashkiloti va 79 ta lombardga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Markaziy bank ushbu choralar orqali moliya sektorida intizomni mustahkamlash va bank hamda nobank kredit tashkilotlari faoliyatini amaldagi qonunchilik talablariga mos ravishda olib borilishini ta’minlashni maqsad qilgan.