Joriy yilning 20-aprel kuni soat 14:00 dan boshlab oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan, ya’ni bosh o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritayotgan pedagoglar uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur subsidiya Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi 69-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida ajratiladi. Unga ko‘ra, pedagoglarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining boshlang‘ich badalining 25 foizigacha bo‘lgan qismi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Dasturda ishtirok etish uchun ariza beruvchilar bir qator talablarga javob berishi lozim. Xususan, nomzod barcha belgilangan ijtimoiy mezonlarga mos kelishi, shuningdek, kamida bitta tijorat bankining ichki talablariga muvofiq ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lishi zarur.
Shuningdek, ariza beruvchining, jumladan uning turmush o‘rtog‘ining nomida respublika bo‘yicha ikki va undan ortiq turar joy mavjud bo‘lmasligi kerak. Bundan tashqari, kamida 15 yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lish hamda oliy malaka toifasi yoki bosh o‘qituvchi lavozimi talab etiladi.
Subsidiya olish uchun arizani bir necha usulda topshirish mumkin:
— Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish orqali;
— MyGov mobil ilovasi orqali;
— my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda.
Ariza topshirish jarayonida muhim jihatlardan biri — OneID tizimi orqali tijorat banklariga kredit tarixini tekshirish uchun ruxsat berilgan bo‘lishi kerak. Agar kredit tarixini olishga cheklov o‘rnatilgan bo‘lsa, ariza rad etilishi mumkin.
Dasturda ishtirok etuvchi tijorat banklari qatoriga Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Asia Alliance Bank, Biznesni rivojlantirish banki, Hamkorbank, Ipak yo‘li banki, Ipotekabank (OTP Group), Mikrokreditbank, Orient Finans, Trastbank, Turonbank, Xalq banki, O‘zmilliybank hamda O‘zsanoatqurilishbank kiradi.
Mazkur dastur pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.