Chorshanba, 13 May

Yirik banklardan biri turk aktyori Burak O‘zchivitni ambassador qilishni rejalashtirmoqda

20-aprel kuni e’lon qilingan mazkur tenderning boshlang‘ich qiymati 4,86 milliard so‘mni tashkil etadi.

O‘zsanoatqurilishbank (SQB) mashhur turk aktyori Burak O‘zchivitni brend-ambassador sifatida jalb qilish bo‘yicha yirik tenderni e’lon qildi.

20-aprel kuni e’lon qilingan mazkur tenderning boshlang‘ich qiymati 4,86 milliard so‘mni tashkil etadi. Tanlov “eng yaxshi taklifni tanlash” tartibida o‘tkaziladi va unda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘z takliflari bilan ishtirok etishi mumkin.

Tender hujjatlariga ko‘ra, loyiha doirasida Burak O‘zchivitni bank brendi ambassadori sifatida jalb etish rejalashtirilgan. Shartnomaga muvofiq, aktyor bilan hamkorlik muddati ikki yilgacha davom etishi mumkin. Shu davr ichida uning ishtirokida turli foto va video kontentlar ishlab chiqiladi hamda ular reklama va PR maqsadlarida qo‘llanadi.

Texnik topshiriqlarda qayd etilishicha, suratga olish ishlari kamida ikki lokatsiyada amalga oshiriladi, shuningdek bir nechta reklama videoroligi tayyorlanadi. Tayyorlangan barcha materiallar buyurtmachiga topshiriladi va ulardan foydalanish huquqi ham to‘liq buyurtmachiga o‘tadi.

Tender shartlarida muhim talab ham belgilangan. Unga ko‘ra, tanlov g‘olibi deb topilgan ishtirokchi 5 kun ichida aktyor bilan imzolangan rasmiy kelishuvni taqdim etishi shart. Mazkur talab bajarilmagan taqdirda, buyurtmachi g‘olib bilan shartnoma tuzishni rad etishi mumkin.

Moliyaviy shartlarga ko‘ra, to‘lovlar bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Xususan, shartnoma imzolangach 3 ish kuni ichida 50 foiz oldindan to‘lov amalga oshiriladi. Keyingi 20 foiz to‘lov tadbir (spektakl) tashkil etilgandan so‘ng beriladi. Qolgan mablag‘lar esa foto va video ishlari yakunlanib, tegishli hujjatlar taqdim etilgach to‘lab beriladi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida aktyor ishtirokida turli tadbirlar, uchrashuvlar va fotosessiyalar tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu esa loyiha faqat reklama kontenti bilan cheklanmasdan, kengroq jamoatchilik bilan ishlashni ham o‘z ichiga olishini anglatadi.

Yangiliklarni Telegram kanalimizda kuzatib boring!

Sharh qoldirish uchun tizimga kirgan bo'lishingiz kerak.

Eng ko'p o'qilganlar
Mavzuga oid